Elsizlik bu – yoʻlsizlikdir
“Men” bilan “Biz”ning orasida yaxshigina masofa bor, hatto tavofut ham bor.
“Men” va “Biz” oraligʻidagi mulohazalar
“Men” bilan “Biz”ning orasida yaxshigina masofa bor, hatto tavofut ham bor. Lekin “Biz” yoʻq joyda “Men” himoyasiz qoladi. Milliy tuygʻular shu ikki qutbni birlashtiradi va yaxlit maʼnaviy iqlimni hosil qiladi. Shuning uchun katta mavzularda gap ketganda “Bizda shunday”, “Bizning odatimizga koʻra”, deb gap boshlaymiz. Bugungi kunda dunyo miqyosida individualizm – yakkashumshuklik, har kimning oʻz qobigʻiga oʻralib yashashi gʻoyasi bayroq koʻtarib oldinga chiqayapti. Bunday vaziyat “Biz” qalʼasini yemira boshlaydi.
“Nomus hamisha gʻamgindir”. Ulugʻ Gyotening shu gapini eslaganimda koʻnglim zirqiraydi. Nomus deganda, avvalo, odamning koʻz oʻngiga onasi, qizi, singlisi, yori keladi. Shu tasavvurning oʻziyoq bu tuygʻuga ilk ichki sharhni beradi. Demak, hayotdan ham qimmatli, jondan ham azizroq tuygʻu bu! Nomus bilan ochlikni ham, eng ogʻir mashaqqatlarni ham, hatto oʻlimni ham yengish mumkin. Lekin nomussizlik bilan odam hech narsaga chidamaydi, hatto toʻqlikka ham.
Biz XXI asrning eng shiddatli davrida yashayapmiz. Farovonlik, toʻkin-sochinlik, obodlikni koʻrib shukr qilamiz. Inson aqli har soatda bir yangi ixtironi maydonga chiqarayapti, salohiyati bir kunda bir olamshumul kashfiyotni hadya etayapti. Uyda oʻtirib butun dunyoni koʻrayapmiz, insoniy haq-huquqlarimiz himoyasi ham imkon qadar yoʻlga qoʻyilgan. Lekin shuncha imkoniyat va sharoitlarga ega boʻla turib, nimagadir eng aziz tuygʻu – Nomusdan darz ketib borayapti. Insonning eng muhim maʼnaviy boshpanalaridan biri boʻlgan bu qoʻrgʻon yemirilayapti. Nomusning yemirilishiga nimalar sabab boʻlayapti? Nima uchun nomussizlik oddiy bir holatga, chidasa boʻladigan, koʻniksa boʻladigan holatga aylanyapti? Tarix shuni dalillaydiki, yomon amallar ham koʻnikish natijasida asta-sekin qabul qilingan va hayotga singishib ketgan.
Bolalik yillarimizda kimdir uyat ish qilib qoʻygan boʻlsa, kattalar bu haqda shivirlab gapirishar edi. Birovning eshitib qolishidan andisha qilishardi. Bugun esa, shunday holga duch kelsak, ogʻiz yirtib, chor-tarafga jar solishni yaxshi koʻramiz. Voqea tafsilotini bilib-bilmay, internetda baqir-chaqirni boshlaymiz. “Odamlar, ho odamlar, bogʻda bitgan bodomlar, eshitmadim demanglar, falonchining xotini...” deb uyatsizlarcha uyatsizlik bilan til biriktirib fitnaga bosh qoʻshamiz.
Internet, baʼzi nashrlar va baʼzi telekanallarda birovning fojiasidan karyera qilishni istayotganlar qancha. Bu oʻlaksaxoʻrlikday bir gap! Qanday qilib, birovning fojiasidan zavqlanish mumkin. Bunday holatda ogʻiz yirtib, ishtonini boshiga salla qilib, jar solayotganlarni koʻrsam, gʻazabni tiyish iymondan ekanini bilib tursam-da, gʻazabim keladi. Bu xuddi fojia ustida striptiz tushishga oʻxshaydi. Demokratiya va oshkoralik degani zinhor ba-zinhor uyatsizlik degani emas! Birovning uyatsiz holga tushganini tezroq koʻrsatishga shoshiladigan va bundan maroqlanadigan odamning oʻzi eng uyatsizdir. Birovning fojiasini ogʻiz koʻpirtirib hikoya qilishga moyilligi bor odam ablahdir.
“Kino bizni koʻrishga oʻrgatdi, lekin qarashdan judo qildi” degan edi Gʻarb faylasuflaridan biri. Kino bizni koʻnikish mumkin boʻlmagan narsalarga koʻnikishga ham oʻrgatdi. Xudo va Inson oʻrtasida tuzilgan azaliy bitimlarga amal qilmasa ham boʻlaveradi degan fitnaga ham oʻrgatdi. Chunki, yaxshi kinolar juda kam, yomon kinolar esa bemaza qovunning urugʻiday koʻp. Biz yomon kinoga ham bosh irgʻab qoʻya qolgan edik, birdan behayo shahvoniy filmlar zaharli zamburugʻlarday urchib ketdi. Alisher Navoiy “Hayrat ul-abror” dostonining XXIII bobida Anushervoni Odil haqida bir hikoyatni keltiradi. Anushervon shoh boʻlmasdan burun bir goʻzal qizga oshiq boʻladi. Uning vasli umidida koʻp mashaqqat va ozorlar chekadi. Oxir visol nasib etadi. Yigit bilan qiz bogʻda edilar. Anushervon suyukli yorini bagʻriga tortib, boʻsa olmoqchi boʻladi va.. shu lahzada bogʻdagi bir tup nargis guliga koʻzi tushib, birdan ortiga tislanadi. Qiz shashtidan qaytgan yigit oldida hijolat tortadi. Shunda Anushervon ularga qarab turgan bir tup nargis gulining koʻzlaridan uyalganini, shu gul boʻsa olishiga moneʼlik qilganini qizga aytib beradi. Navoiy bu holni shunday izohlaydi:
Aysh, Navoiy, necha dilkash durur,
Lek adab birla hayo xush durur.
Bugungi kunda dunyo miqyosida har 29 minutda bitta behayo film ishlab chiqarilib, jahonga taraqatilayotgan paytda oʻz yoridan boʻsa olmoqchi boʻlgan Anushervon bogʻdagi bir tup guldan uyalib, shashtidan qaytganini va bu hayo uni “Jumlai olam aro shoh aylaganini” eslab qoʻysak yaxshi boʻlardi.
Oʻzaro munosabatlarimizda, jamoaviy munosabatlarda bizga or va nomus rahbarlik qilgan. Bu tuygʻu qon-qonimizga singib ketgan. Yoshi oltmishni qoralagan bir ayolning ukasini qanday sizlagani haqida aytib bergan gaplari esimdan chiqmaydi:
“Ukam mendan uch yosh kichik. Bolaligimizdan talashib-tortishib, birga oʻynab katta boʻlganmiz. Voyaga yetdik. Soʻng men turmush qurib ketdim. Ukam uylandi. Ikkimiz ham bola-chaqali boʻldik. Ukam qirqqa kirganida onam menga “Endi ukangni senlamaysan. Sizlashing kerak. Bolalari katta boʻlib qolyapti”, deb qoldi. Men ukamni qanday sizlashimni oʻyimga sigʻdirolmas edim. Birga oʻynab-oʻsgan boʻlsak, buning ustiga qirq yil senlab kelgan boʻlsam... Shuning uchun onamga bolalarcha oʻjarlik qildim: “Nima uchun sizlashim kerak ekan. U mendan uch yosh kichik boʻlsa, buning ustiga kichik boʻlishiga qaramay, meni senlasa, yoʻq, hech qachon sizlamayman” desam, onam: ”Ukang erkak kishi. Sizlashing kerak!” deb meni koyidi. Men koʻnmadim. Bu menga noqulay edi, oʻrganaolmasdim, qolaversa, umr boʻyi senlab kelgan ukamni sizlash menga soxta mulozamat boʻlib tuyular edi. Lekin... Shu gaplardan bir yil oʻtib.. toʻsatdan otam vafot etdi. Men otam vafot etgan kundan ukamni beixtiyor ha, beixtiyor sizlay boshladim. Ishonasizmi, oʻz-oʻzidan men uni senlay olmay qoldim. Shundan keyin ukamga biror marta senlab gapirolmadim”.
Tanishlarimizdan birining uyida janoza boʻldi. 40 yoshlardagi qizi vafot etibdi. Peshinga chiqarishdi. Tobutni uydan qabristongacha katta yoʻldan olib borishga toʻgʻri keldi. Shaharning gavjum koʻchasi boʻlgani uchun mashina koʻp edi. Yoʻlning bir chetida odamlar yelkasidagi tobut lopillab borardi. Koʻchaning ochiq qismidan esa mashinalar tinimsiz oʻtib turardi. Shunda men bir holdan hayratlandim. Izdihom yonidan oʻtayotgan mashinalar biroz oldinga oʻtib chekkalab toʻxtashar va ulardan tushgan odamlar izdihomni kutib turishar, soʻng qatorga qoʻshilib tobutni yelkasida tutib, biroz yurishar, keyin sekin-sekin orqada qolishib, yana mashinalariga oʻtirishib joʻnab ketishardi. Bu yoʻlovchilar qaysi uyda kimning vafot etganiniyam, nima boʻlganiniyam bilishmaydi, lekin marhumning hurmatini, insonning hurmatini qilishadi.
Bir yozda Jizzaxning Balandchaqir degan qishlogʻida boʻldim. Soyliklar orasida yastanib yotgan juda katta qishloq. Qishloqda birov vafot etibdi. Qarangki, marhumga qarindosh boʻlgan, boʻlmagan odamlar, hatto yetti yot begonalar ham hammasi egniga toʻn olib, doʻppi kiyib, belini mahkam bogʻlab xizmatga shay turishibdi. Odatda, bunday paytda marhumning eng yaqin qarindoshlari shunday kiyinadilar. Balandchaqirda esa, janozaga borgan hamma shunday kiyinadi va dunyodan ketayotgan qishloqdoshiga sidqidildan hurmat koʻrsatadi. Uni qarindoshiday, jigariday, ogʻasiday soʻnggi yoʻlga kuzatishadi. Holbuki, dunyoning megapolis shaharlarida qoʻshnisining janozasiga chiqmaydiganlar ham bor. “Yevropa vijdoni” deb tan olingan Alber Kamyu onasining vafotiga ham befarq qaragan odam haqida bekorga yozmagan.
Bizda “Biz” degan tushunchaning oldida ham, ortida ham el turadi. El degan kuch azaldan bor va u koʻp narsalardan bizni himoya qilib kelgan. Hozirgi paytda dunyoga tahdid solib turgan yolgʻizlik deb atalmish illat ham ayni shu tushuncha harakatda boʻlmagan joylarda tez urchib ketdi. Bir soʻz bilan aytganda, elsizlik bu yoʻlsizlikdir, yolgʻizlikdir. El bor joyda or va nomus bor, andisha va uyat bor. Or-nomus yoʻq joyda har narsa boʻlishi mumkin. Hatto qotillikni jasorat deb koʻrsatish, axloqsizlikni erkinlik deb koʻrsatish mumkin. Shu oʻrinda yana bir mulohazani qistirib oʻtsam. Nomusning muhim tayanchlaridan biri – andishaning oti bugun juda koʻpayib ketdi. Duch kelgan noqis unga oʻzicha nom qoʻyib oladi. Qoʻrqoq, koʻngilchan, sodda, boʻshang, yumshoq, tortinchoq, avaychi kabi otlarni surbetlar andishaning naq manglayiga yopishtirib qoʻyishyapti. Eng achinarlisi, kamtarlikni ham nuqson deb qarovchilar toʻdasi paydo boʻlayapti. Necha davralarda eshitdim, kimdir oriyati ustun kelib, biror foydadan qolgan boʻlsa, “Kamtar-da, kamtar, shunga pand yeb yuradi” degan gaplarni. Yo tavba, betgachoparlik fazilat, kamtarlik illat boʻlib qoldimikan, deb oʻylab qolaman. Bor ovozing bilan baqir, chaqir, toʻpolon qil, birovning yoqasini yirt, kerak boʻlsa yuzini tirnab tashla, ishing bitsa boʻldi, uyogʻini oʻylab oʻtirma. Xoʻsh, bu bilan qanday ish bitadi oʻzi? Arziydigan ishmi? Mayli, nari borsa, bir kosa shavlalik ish bitar, lekin uyat ketib qoladi-ku. Uyatning narxi shuncha arzon boʻlib qoldimi? Koʻchama-koʻcha laqqillab yuradigan bezbetlik toʻrga oʻtib, andisha chetga surilib qoladimi? Bu borada Abdulla Oripov bizni ogohlantigan-ku:
Kulma, kulma, nega kulasan,
Hijolat chekkanning holiga.
Nega qoʻl tekizding kambagʻalning
Oʻgʻrilardan qolgan moliga.
Samarqandda Imom Buxoriy ziyoratgohi atrofidagi qishloqlardan birida kechasi machitdan qaytayotgan 75 yoshdagi bir cholni shu mahallalik bir oʻsmir bilmasdan velosipedda urib ketadi. Velosiped shuncha tez kelgan ekanki, cholning oshqozoni yorilib ketibdi. Qishloqdagi doʻxtirlar hech narsa qilisholmaydi. Qarindoshlar boboni Samarqand shahrida operatsiya qildirashadi. Yana bir-ikki soat kechikishsa, oʻlim muqarrar ekan, xayriyat ulgurishadi. Qanchadan-qancha ovoragarchilig-u, qanchadan-qancha sarsongarchilik, buning ustiga kattagina xarajat. Ikki kundan soʻng boʻlib oʻtgan voqeani odamlar orasidagi gap-soʻzlardan bilib olgan ichki ishlar xodimi cholning uyiga keladi. Oʻgʻillaridan nima boʻlganini qayta-qayta soʻraydi. Cholning katta oʻgʻli “Otamizni hoʻkiz shoxladi” deb javob beradi. Lekin sinchkovgina militsioner bu gapga ishonmay, yana surishtiruv qilishini aytib chiqib ketadi. Katta oʻgʻil “otamizni hoʻkiz shoxladi” deyishga deydi-yu, lekin hovlida shoxlaydigan hoʻkizning oʻzi yoʻqligini oʻylab, yolgʻoni fosh boʻlishidan tashvishga tushadi. Qarangki, u militsioner qayta kelguncha tanishlaridan birining katta hoʻkizini soʻrab olib, oʻz moliday hovlisiga bogʻlab qoʻyadi va militsonerga shu hoʻkiz shoxlagan edi deb koʻrsatadi. Bunday bagʻrikenglik va mardlikni yana qayerdan topasiz? Yo bu ishni ham koʻngilchanglik yo qoʻrqoqlik deb ataysizmi? Dunyoda xudbinlik oʻpqoniga tushib qolganlar bu himmatning siri va hikmatini qayerdan bilsinlar?
Besh yashar vaqtimdagi bir xotira koʻnglimga muhrlanib qolgan. Oʻshanda Uldon momom bilan qishlogʻimizdagi qabriston yonidan oʻtayotgan edik. Uch yashar singlimni yelkasida koʻtarib, meni ergashtirib borayotgan momom bir joyda toʻxtab, singlimni yerga tushirdi-da, qoʻlimizdan ushlab qabriston tomonga qarab qichqirdi: “Oysut opa! Oysut opa! Mana, nabiralaringiz Eshqobil, Xosiyat. Nabiralaringiz katta boʻlayapti. Oysut opa, qoʻllab-qoʻringizlar, duo qilingizlar!”
Bu manzarani eslasam, koʻzim yoshga toʻladi. Dunyoning qaysidir manzilida 100 qavatli binoning toʻqsoninchi qavatida kompyuter toʻpponchasini oʻynab, insonning begʻubor tuygʻulari va samimiy hayajonlari ustidan miyigʻida kulib oʻtirgan odamga bu holat nihoyatda soddalik, hatto goʻllik boʻlib tuyular... Lekin men bu holatda inson qalbi mohiyatini, inson xotirasining yorugʻ iztiroblarini koʻraman. Bunda ruhiy maroq borligini bilaman.
Men kichikligimdan bobolarim va momolarimga ergashib yurganman, mana yoshim oltmishni qoralab borayaptiki, hamon ularga ergashib yuraman. Menimcha, ularga Xudo juda tushunarli edi. Ular ham Xudoga tushunarli edi. Hamma narsada biz kabi murakkab emas edilar, demoqchiman. Ularda bizdagi kabi iddaolar ham yoʻq edi. Momolarimning qishlogʻimizdagi qari tut yonidan oʻtayotganida “Assalomalaykum, Bobotut” deyishlari, daryoga, quyoshga, yangi chiqqan oyga, bahorda kelgan qaldirgʻochlarga salom berishlari, bobolarimning qadimiy ziyoratgohlar yonidan goʻyo pir yonidan oʻtayotganday ehtirom bilan oʻtishlari, Or-nomusni hayotning ustuni deb bilishlari... bularning hamma-hammasi menimcha ulugʻ adabiyot edi. Odamlar ruhida yashayotgan adabiyot... Oʻtgan yili oqshom chogʻi oilam bilan Boʻstonliqdan qaytayotib, Chirchiq daryosi boʻyida toʻxtadik. Oqshomdagi daryoni tomosha qilgimiz keldi. Shom payti daryo juda goʻzal boʻladi. Botayotgan quyosh nurlarida katta suv oʻzgacha yarqiraydi. Afsuski, qirgʻoqdagi qumloqlarda ulkan butalar ostida aytishga til bormaydigan uyatsizlik qoldiqlari sochilib yotardi. Bu joylardan iliqqan itlar oʻtdimikin, deb oʻylaysiz. Nomussizlik daryoni bulgʻagani aniq koʻrinib turardi. It tekkan bilan daryo harom boʻlmaydi degan gap bor-ku, lekin oqar suvga harom aylangani baribir yomon. Shunday paytlarda daryoga salom berib oʻtgan momolarim, suvni muqaddas tutgan bobolarim yodimga tushadi.
Elda azaldan bir gap bor: “Otaning joni qizining ichida boʻladi!” Nega shunday? Chunki, qiz otaning nomusidir. Qizlar oʻz hayo va ibosi bilan otalarining jonini, shaʼnini, ikki dunyosini asrab yuradilar. Bitta yomon harakat bu narsalarni vayron qilib yuboradi. Bizda azaldan qizning eng katta boyligi uning hayosi sanalgan. Mening ikkita ammam boʻlgan. Birining oti – Oqila, birining oti – Nasiba edi. Ikkisining ham eri urushda halok boʻlgan. Ikkisi ham gulday yoshida beva qolgan. Ular bolalarini oq yuvib, oq tarab katta qildilar. Lekin boshqa er qilishmadi. Halok boʻlgan jufti hallollarining xotirasi va hurmati bilan yashadilar. Bir gal Qumqoʻrgʻonga borganimda yoshi toʻqsonni qoralagan bir kampirni koʻrsatishdi. Bugʻdoyrang chehrani butunlay qoplab olgan qalin ajinlar orasidan boqib turgan qora koʻzlarning oʻzi tirik kitob edi. Bu koʻzlar hayotga ham, oʻlimga ham tik qaray olardi. Balki oʻlim bu koʻzlardan uyalar, balki hayot bu koʻzlardan oʻzini qarzdor sanar... Toʻqsonga borayotgan bu kampirga 32 yoshida eridan qoraxat keladi. Shunda u “Sen yer ostida chirisang, men yer ustida chiriyman” deb qasam koʻtaradi. Oddiygina ayol aytgan bu satrni manaman degan shoir ham aytolmaydi. Bu muhabbat va azob ovozi.
Mening bu gaplarimni eri oʻlgan ayollar er qilmasligi kerak degan maʼnoda joʻn tushunmasinlar, unday demoqchi emasman. Bu yerda gap vafo va sadoqat, hayo va nomus haqida borayapti. Urush va urushdan keyingi yillarda bir parcha non jondan qimmat boʻlib ketgan paytlarda ham hayo va nomusni hayotining tayanchiga aylantirgan ayollar qancha! Ular hamma azoblarga, mashaqqatlarga chidagan edilar. Ularga hayo hayot berdi, ularga nomus non va yaxshi nom berdi! Bir tanishining toʻyiga yangi koʻylak kiyib chiqmagani uchun erining boshida tegirmon toshini aylantirayotgan, bitta taqinchoq uchun uyini buzayotgan, halolmi, harommi pul boʻlsa boʻldi deb oilasini, bolalarini tashlab oʻzga yurtlarda bulgʻanch kimsalarga ergashib dunyoning qaysidir kavaklarida oʻzini ovora qilib yurgan ayollar-chi? Ularga yengiltaklik, chidamsizlik, ibosizlik nima beradi? Xususiy kanallarda baʼzi yengil-yelpi seriallar va koʻrsatuvlardagi ota-onalarning, qizlarning oʻzini tutishlarini koʻrib, gap-soʻzlarini eshitib tutab ketasiz. Oʻrta yashar bir xotin eriga qizining sogʻligʻidan shikoyat qilayapti. Goh u yeri ogʻriydi, goh bu yeri ogʻriydi deb noliyapti. Eri esa xotiniga “Qizingni zoʻr bir erga ber, birdan tuzalib ketadi” deb dayuslarcha maslahat berayapti. Shunday nomussiz otaning oldida qizi ham tirjayib turibdi. Shu sharmandalikni ekranga olib chiqayotgan kimsalarni kim yo nima deb atashimiz kerak?
Alpomish yetti yil qalmoqqa ketganida, Oybarchinga toʻrang endi qaytmaydi, Ultontozga tegasan deyishganida Oybarchin aytgan ekan:
Adirimda tulpor bor, eshakni keltirmayman,
Qarchigʻay qoʻngan toʻshima qargʻani qoʻndirmayman,
Burgut uchgan dashtima quzgʻunni doʻndirmayman,
Yurakdagi sirimni nokasga bildirmayman,
Sassiq koʻldan suv quyib gulimni soʻldirmayman.
Ana shu besh satrda oʻzbek ayolining nomusga mardona munosabatini ilgʻasa boʻladi.
Aslida nomus-or masalasida insonni erkak va ayolga ajratib oʻtirish notoʻgʻri. Nomusning oldida hamma bir, hammaning oldida nomus bir. Bu dunyoda arava-arava tilla bilan ham tiklab boʻlmaydigan narsa nomusdir. Odam nima uchun boylik toʻplaydi, nega obroʻ-eʼtibor qozonishga harakat qiladi? Nega tinmay yeladi, yuguradi? Faqat bir narsa uchun – xotirjamlikka erishish uchun. Pulim juda koʻp boʻlsa, hamma narsam yetarli boʻlib xotirjam boʻlaman, mansabim yuqori boʻlsa, hurmatim katta boʻlib xotirjamlikka erishaman deb oʻylaydi. Lekin bunday yelib-yugurishlar chogʻida harosotga tushib qolsa, bor xotirjamligidan ham ayriladi. Ishoning, bir narsa aniq va muqarrar: Nomus yoʻq joyda hech qachon xotirjamlik boʻlmaydi!
Kimlardir aytishi mumkin, “Dunyo oʻzgardi, hayot oʻzgardi. Demak, tushunchalar va ularga munosabatlar ham oʻzgaradi-ku”, deb. Ha, bu dunyoda hamma narsa oʻzgaradi. Lekin, inson qonining rangi va tarkibi oʻzgarmagani kabi Nomus tuygʻusining tabiati va mohiyati hech qachon oʻzgarmaydi. U hamma zamonlar uchun bir xil.
Eshqobil SHUKUR
Manba:“XXI ASR” gazetasi