Elning chinakam ardog‘idagi shoir
U chindan ham o‘zbekning peshonasiga bitilgan iste’dod, chin ma’noda el ardog‘idagi shoir edi. O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan adabiy kechalar, gurunglar, davra suhbatlarida bu jihatlar yana bir karra o‘zining isbotini topmoqda.
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha go‘shalarida katta tantana, bayramona ruhda, baland saviyada o‘tayotgan bunday tadbirlar adabiyot, ma’naviyat bayramiga aylanib ketmoqda.
Ana shunday ma’rifiy xotira tadbiri Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida bo‘lib o‘tdi.
Kutubxona direktori Umida Teshaboyeva, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov, shoir Muhiddin Omon va boshqalar yangilanib borayotgan O‘zbekistonda milliy adabiyotimizga, ma’naviyatimizga, kitobxonlikka benihoya katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Bu jarayonda so‘z san’ati darg‘alarining xotirasini e’zozlash, ularning boy adabiy maktabi ijod yo‘lini keng tadqiq etish, asarlarini qayta chop etish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
Ustoz Abdulla Oripov nainki mamlakatimizda, balki xorijda ham sevib mutolaa etiladigan betakror iste’dod sohibi edi. Adabiyotshunoslarning fikricha, uning she’rlarida insonning chuqur ruhiy dunyosi va xalq tarixi tahlil etiladi.Chuqur falsafiylik, milliy ruh, diniy-axloqiy mezonlarga sadoqat shoir she’riyati asoslarini tashkil etadi. O‘zbek xalqining milliy tiklanishi, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurashishda Abdulla Oripov she’riyati katta o‘rin tutadi.
O‘zbekiston Milliy kutubxonasi fondida shoir adabiy merosi bilan bog‘liq kitoblar salmoqli o‘rin egallaydi. Ayni paytda ularni nainki mamlakatimiz kitobxonlari, balki xorijdan kelgan tadqiqotchilar, olimlar, adabiyotshunoslar ham katta qiziqish bilan o‘rganmoqda.
Ma’rifiy kechada ustoz Abdulla Oripovning inson,borliq, tabiat, jonajon O‘zbekistonimiz, istiqlol tarannum etilgan she’rlari yangradi. Shoir ijodidagi falsafiylik, badiiy mahorat teran tahlil etildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA