Elladadan Turongacha: O‘zbek zaminidagi yunonlar
Tarix har doim ham g‘oliblar va hukmdorlar haqida so‘zlayvermaydi.
Uning qatlarida oddiy insonlarning qismati, turli elatlarning o‘zaro munosabati va madaniyatlararo muloqot yashirin. O‘zbekiston hududida qadimdan istiqomat qilgan yunon (grek) millatiga mansub aholi tarixi ana shunday murakkab va qiziqarli jarayonlardan biridir. Antik davrdan to bugungi kunga qadar davom etgan ushbu tarixiy aloqalar zamirida o‘zbek xalqining azaliy bag‘rikengligi va yuksak insonparvarlik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ladi.
Ma’lumki, Ellada va Turon zamini o‘rtasidagi ilk aloqalar juda qadim davrlarga borib taqaladi. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, miloddan avvalgi V asrdayoq, ya’ni Ahamoniylar hukmronligi davrida hozirgi O‘zbekiston janubiga Milet shahridan Apollon ibodatxonasi kohinlari – bronxidlar ko‘chirilgan. Akademiklar Edvard Rtveladze, Anatoliy Sagdullayev kabi taniqli olimlar Surxondaryo viloyatidagi Talashkantepa yodgorligini aynan ushbu ilk ko‘chib kelgan yunonlar manzilgohi bilan bog‘laydilar. Bir yarim asr davomida ular mahalliy muhitga shunchalik moslashdiki, til va turmush tarzida mahalliy aholi bilan uyg‘unlashib ketdilar.
Keyinchalik, miloddan avvalgi IV asrda makedoniyalik Iskandar (Aleksandr) qo‘shinlarining Turonga bosqinchilik yurishlari boshlandi. Garchi bu davr qonli to‘qnashuvlar va og‘ir siyosiy jarayonlar bilan kechgan bo‘lsa-da, uning natijasida mintaqada etnik xarita o‘zgardi. Istilochilik urushlari tugagach, minglab oddiy yunon askarlari, hunarmandlar va savdogarlar o‘z yurtiga qaytmasdan, Baqtriya va So‘g‘diyona tuproqlarida qolib ketdilar. Natijada, Kampirtepa (qadimgi Pandaxeyon) kabi o‘ziga xos madaniyat o‘choqlari paydo bo‘ldi. Vaqt o‘tishi bilan istilochilar mahalliy aholi orasiga singib, ushbu zaminning bir bo‘lagiga aylandilar.
Asrlar osha bu rishtalar uzilmadi, balki yangicha mazmun kasb etdi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, XIX asr oxirlarida Turkiston o‘lkasiga yunonlarning yangi oqimi kirib keldi. Bu gal ular qo‘lida qurol bilan emas, balki quruvchi, tadbirkor va savdogar sifatida keldilar. Xususan, Qo‘qon shahridagi Mandalaki birodarlariga tegishli bo‘lgan va antik uslubda qurilgan binolar, Farg‘ona vodiysidagi sanoat inshootlari o‘sha davr me’morchiligining noyob namunasidir. 1917 yilda Toshkentda yunon diasporasi jamiyatining tuzilishi va Platon nomidagi maktabning ochilishi ularning ma’rifatga bo‘lgan intilishidan darak beradi. Ular novvoychilik, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilib, el orasida hurmat topdilar.
Yunonlarning O‘zbekiston tarixidagi eng katta to‘lqini XX asrning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Tarixchi Lyudmila Jukovaning ma’lumot berishicha, 1940-yillarning oxirida Gretsiyadagi siyosiy ziddiyatlar va fuqarolar urushi sababli 12 mingga yaqin yunonlar siyosiy muhojir sifatida O‘zbekistondan panoh topdilar. O‘zbek xalqi ushbu og‘ir taqdir egalarini ochiq chehra va samimiyat bilan kutib oldi. Toshkent va Chirchiq shaharlarida ular uchun maxsus turar-joylar barpo etildi. Qizig‘i shundaki, aksariyati oddiy dehqon va ishchi bo‘lgan bu insonlar qisqa vaqt ichida o‘zbek tilini o‘rganib, mahalliy hayotga to‘liq kirishib ketdilar. Ular Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda, zavod va fabrikalarda, ayniqsa, 1966 yilgi Toshkent zilzilasidan so‘ng poytaxtni qayta tiklash ishlarida mehnat qildilar.
O‘zbekiston zaminida voyaga yetgan yunonlar orasidan fan, madaniyat va sport namoyandalari yetishib chiqdi. Jahon arxeologiya fanida “Baqtriya oltini”ni o‘rganishga ulkan hissa qo‘shgan Viktor Sarianidi, O‘zbekiston tasviriy san’atida o‘chmas iz qoldirgan rassom Yanis Salpinkidi va albatta, o‘zbek futbol muxlislarining kumiri – “Paxtakor” jamoasining afsonaviy hujumchisi Vasilis Xadzipanakis shular jumlasidandir. Bu insonlarning yutuqlari zamirida o‘zbek diyorining mehri yotibdi.
1990-yillarda tarixiy vatanga qaytish jarayoni boshlangach, ko‘pchilik yunonlar Gretsiyaga ko‘chib ketdilar. Ammo ular O‘zbekistonni o‘zlarining ikkinchi Vatani deb biladilar va bugungi kunda ham iliq xotiralar bilan eslaydilar. Ushbu tarixiy lavhalar shundan dalolat beradiki, o‘zbek zamini azaldan turli xalq va elatlar uchun tinchlik, omonlik va taraqqiyot maskani bo‘lib kelgan. Bugungi kunda ham millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik siyosati Yangi O‘zbekistonning ustuvor tamoyilidir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA