Elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmi 19 trillion so‘mni tashkil etdi
Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda elektrotexnika sanoati korxonalarining 2023 yil 10 oylik yakunlari sarhisob qilindi.
Unda “O‘zeltexsanoat” uyushmasi Axborot xizmati rahbari Namoz Tolipov mavzu doirasida tizimda amalga oshirilgan ishlar, yutuqlar va kelgusi rejalarga e’tibor qaratdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu davrda elektrotexnika sanoati korxonalari tomonidan ishlab chiqarish hajmi 19 trillion so‘mni tashkil etgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 1,3 barobar ko‘p deganidir. Joriy yilda yashil energetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari yo‘nalishida faoliyat yurituvchi korxonalar tomonidan ham ishlab chiqarish quvvatlari bir necha barobarga oshgan.
– Mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi elektrotexnika sanoati bugun jadallik bilan o‘sib bormoqda. Bu, yildan yilga ishlab chiqarish hajmining oshishi, eksport imkoniyatlarining kengayishi, chet el investitsiyalarining keng jalb etilishi bilan bevosita bog‘liq. Masalan, o‘tgan davrda eksport hajmi 800 million dollarga teng bo‘ldi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 122 foizdir. Xususan, kabel-sim mahsulotlari eksporti 478 million dollar, maishiy texnika mahsulotlari 185 million dollar, kuchlanish qurilmalari va boshqa elektrotexnika mahsulotlari eksporti 135 million dollarni tashkil etgan. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 202 turga yaqin elektrotexnika mahsulotlari bugun jahonning 68 ta mamlakatiga 96 ta eksportyor korxonalar tomonidan amalga oshirilgan. Birgina “GSP+” imtiyozlaridan foydalangan holda Yevropa mamlakatlarining o‘ziga 16 ta korxona ilk marotaba o‘z mahsulotlarini eksportga olib chiqqan. Yil yakuniga qadar 40 million dollarlik mahsulotlar Yevropaga eksport qilinadi, – dedi Namoz Tolipov.
Shuningdek, brifingda eksport geografiyasining kengayishi, yangi loyihalarning ishga tushirilishi bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Masalan, korxonalar tomonidan amalga oshirilayotgan mahsulotlarning aksariyat qismi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Ozarbayjon kabi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Germaniya, Chexiya, Fransiya, Angliya, BAA kabi davlatlar bozori esa ular uchun yangi bozor sifatida o‘zlashtirildi.
Qayd etilgani kabi hududlarda 22 ta yangi loyiha ishga tushirilgan. Ularda qo‘shimcha 618 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
– Bilamizki, elektrotexnika sanoati korxonalarida mis xomashyosi asosiy manba hisoblanadi. Endilikda misni qayta ishlash imkoniyatlari ham bu yo‘nalishda bir necha barobarga oshgan. Korxonalar tomonidan 71,9 ming tonna qayta ishlangan. "Investitsiyalar dasturi” doirasida umumiy qiymati 122,9 million dollarlik investitsiya mablag‘lari o‘zlashtirildi. Ayni paytda uyushma tomonidan Toshkent viloyatida “Mis klasteri” va Qashqadaryoda esa “Solar Cluster” loyihalari amalga oshirilmoqda, – deya o‘z so‘zini yakunladi axborot xizmati rahbari.
N.Ziyodullayeva, O‘zA