Elektrotexnika sanoati: butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqarish rivojlantiriladi
Joriy yilning 12-sentabridagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan bir qator muhim vazifalar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2028-yillarda elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalariga tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlar bo‘yicha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan Kredit foiz xarajatlarini kompensatsiya qilish jamg‘armasi hisobidan, kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 20 mlrd. so‘m ekvivalentidan oshmagan qismi bo‘yicha barqarorlik reytingi va hudud toifasidan qat’i nazar, barcha toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga 3 yil muddatga quyidagi miqdorlarda kompensatsiya taqdim etiladi:
– foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq bo‘lmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, biroq 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
– xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 5 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
– kompensatsiya “2+1” tamoyili asosida dastlabki ikki yilga taqdim etiladi, mahsulot (xizmat)larni realizatsiya qilishdan tushgan yillik tushum avvalgi yilning mos davriga nisbatan 15 foiz va undan ortiq miqdorda oshgan taqdirda, kompensatsiya uchinchi yilda ham to‘lab beriladi.
Elektrotexnika, elektronika va robototexnika sohalarida so‘nggi 3 yilda “Forbes Global 2000” xalqaro reytingi va xalqaro yetkazib berish zanjirlariga kirgan hamda kiritadigan investitsiya hajmi kamida 50 mln. AQSH dollari bo‘lgan tayanch investorlarni (Anchor Investor) jalb etish maqsadida:
– investitsiya shartnomasida qo‘shilgan qiymatni 3 yilda 40 foizdan oshirish hamda yillik foydaning kamida 3 foizini ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga yo‘naltirish majburiyati nazarda tutiladi;
– respublikada xalqaro tajribaga muvofiq tashkil etilgan maxsus iqtisodiy zonalardan binolar “tayyor holda topshirish” modeli bo‘yicha (elektr tarmog‘i, gaz, suv, tozalash inshootlari, temir yo‘l kommunikatsiyalari bilan ta’minlangan holda) ajratiladi;
– investorlarga yer solig‘i, mol-mulk solig‘i, foyda solig‘ini to‘lashdan 10 yil muddatga ozod etish tarzidagi imtiyozlar taqdim etiladi.
O‘zA