Elektron xaridlar tizimi takomillashmoqda
Respublika tovar-xomashyo birjasida elektron xaridlarni tashkil etish va o‘tkazishda oshkoralikni ta’minlash, ularda kichik biznes subyektlari ishtirokining ahamiyati va joriy etilgan yangi savdo platformasi istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Respublika tovar-xomashyo birjasida elektron xaridlarni tashkil etish va o‘tkazishda oshkoralikni ta’minlash, ularda kichik biznes subyektlari ishtirokining ahamiyati va joriy etilgan yangi savdo platformasi istiqbollariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan birjada davlat va korporativ xaridlarini joriy etish, birja savdolarida kichik biznes subyektlarining rolini yanada kuchaytirish, tizimning ochiq-oshkoraligini ta’minlash, birja faoliyatida yangi yo‘nalishlarni o‘zlashtirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2011-yil 7-fevraldagi “Davlat xaridlari tizimini maqbullashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb etishni kengaytirish to‘g‘risida”gi va 2013-yil 5-apreldagi “Elektron xaridlar tizimini maqbullashtirish va ulardan tadbirkorlik subyektlarining foydalanishini kengaytirish to‘g‘risida”gi qarorlari bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, elektron xaridlar tizimi davlat va korporativ xaridlar savdo platformalaridan iborat bo‘lib, ular boshlang‘ich narxlarni pasaytirishga qaratilgan elektron auksion savdolar shaklida amalga oshiriladi. 2014-yilda elektron xaridlarning umumiy hajmi 821 milliard so‘mga yetgani mamlakatimizda keyingi yillarda bu borada muttasil o‘sish sur’atlari qayd etilayotganini ko‘rsatadi. Bunda davlat xaridlari hajmi 2013-yilga nisbatan 13 foizga o‘sib, 470,6 milliard so‘mni tashkil etdi. Korporativ xaridlarning aylanmasi esa 350 milliard so‘mdan oshdi.
Elektron savdolarning boshlang‘ich bosqichida har bir buyurtmaga atigi ikkitadan taklif kelib tushgan bo‘lsa, bugunga kelib davlat va korporativ xaridlar bo‘yicha o‘tkazilayotgan savdolarda har bir talabnomaga oltitagacha taklif chiqmoqda.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi vakillarining ishtiroki tobora kengayib borishi elektron savdolarining yuqori sur’atda rivojlanishida muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, 2014-yilda davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarda ularning ulushi 99 foiz, korporativ xaridlar bo‘yicha bu ko‘rsatkich 96 foizni tashkil etgan.
Savdo tizimining oshkoraligi, avvalo, elektron xaridlar bo‘yicha axborot resursi va bir vaqtning o‘zida ko‘ptarmoqli savdo platformasi vazifasini bajarayotgan birjaning maxsus axborot portali orqali ta’minlanmoqda. Elektron xaridlar tashkil etilishining yana bir muhim shartlaridan biri, bu savdo g‘olibi aniqlanayotgan paytida inson omilining mavjud emasligidir. Xaridlar hajmi va ko‘lami tobora kengayib borayotgani bozordagi sof raqobat muhiti yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Tizimdagi afzalliklar byudjet tashkilotlari, monopoliya subyektlari, davlat unitar korxonalari va ustav fondida 50 foizdan ortiq davlat ulushi bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining xarid faoliyati samaradorligini ta’minlanmoqda. Xususan, 2013-yilda 83 milliard byudjet mablag‘lari tejab qolingan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yili 117,4 milliard so‘mni tashkil etdi. Korporativ xaridlar bo‘yicha o‘tkazilgan auksion savdolarda boshlang‘ich narxlarning pasayishi hisobiga 64,1 milliard so‘m tejab qolindi.
– Davlat xaridlar jarayonini yanada soddalashtirish, ularga tadbirkorlik subyektlarini keng jalb etish maqsadida 2015-yilning 1-iyunidan yangi savdo tizimi joriy etildi, – deydi Respublika tovar-xomashyo birjasi kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash markazi bosh mutaxassisi Jasur Yunusov. – Ushbu savdo tizimi to‘la avtomatlashtirilgan tartibda ishlaydi. Xususan, tovarni tanlash, eng arzon narxni buyurtmachiga taqdim etish, shartnomani shakllantirish avtomatik tarzda amalga oshiriladi.
Anjumanda jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.