Elektron tizim afzalliklari
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni bevosita elektron shaklda amalga oshirmoqda.
Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarining 98 foizi soliq va statistika hisobotlari topshirishni, bojxona deklaratsiyalarini rasmiylashtirishni bevosita elektron shaklda amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining www.customs.uz veb-sayti orqali ko‘plab interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgani, barcha turdagi bojxona deklaratsiyalari va unga tegishli boshqa hujjatlarning elektron shakli hamda ularni to‘ldirish tartiblari joylashtirilgani, elektron deklaratsiyalashning avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilgani shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Toshkentda “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirishning tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ahamiyati va erishilayotgan natijalar” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda bojxona organlarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilayotgani mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bilan birga, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga keng qulayliklar yaratayotgani ta’kidlandi. Keyingi yillarda bojxona sohasining turli yo‘nalishlari bo‘yicha axborotlarni vaqtida yig‘ish, nazorat va tahlil qilish, qayta ishlashga mo‘ljallangan axborot dasturlari joriy qilindi. Ularning barchasi Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimiga birlashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-dekabrdagi “Tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori asosida 2013-yil 1-yanvardan boshlab tovarlarni bojxonada elektron shaklda rasmiylashtirish tartibi joriy qilindi. Mazkur qaror ijrosidan kelib chiqib, “Elektron deklaratsiyalash” axborot tizimi amaliyotga kiritilgan bo‘lib, u orqali tadbirkorlar tomonidan deklaratsiyalar, tovar va transport vositalariga oid hujjatlar hamda hisobotlarni bojxona organlariga masofadan turib taqdim etish va rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Internet orqali elektron raqamli imzodan foydalangan holda bojxona deklaratsiyalarini taqdim etish imkoniyati yaratilib, 2014-yilda eksport-import operatsiyalari yuzasidan rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalarining 402 mingdan ortig‘i elektron taqdim etildi.
Tadbirkorlik subyektlarining bojxona maskanlariga umuman kelmasdan, faqat internet orqali bojxona rasmiylashtiruvini to‘liq elektron tarzda amalga oshirishi ular bilan ishlashda inson aralashuvi omilini va uning salbiy oqibatlarini kamaytirishga imkon yaratmoqda.
Tovarlarni elektron rasmiylashtirish natijasida tadbirkorlarning mablag‘i va vaqti tejalmoqda. Masalan, 2013-yilda tadbirkorlar tomonidan 1,2 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ bojxona yuk deklaratsiyalarining qog‘oz blankalari uchun sarflangan bo‘lsa, 2014-yilda elektron deklaratsiyalash natijasida bu yo‘nalishdagi xarajatlarga barham berildi.
Yana bir muhim yangilik – tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi savdo shartnomalarini banklarda ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi. 2014-yilning 1-sentabridan boshlab shartnomalarni Yagona interaktiv xizmatlar davlat portalida elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkazish xizmatining joriy etilishi xo‘jalik yurituvchi subyektlarga qog‘ozbozlikning oldini olishdek muhim imkoniyatni yaratdi. Birgina o‘tgan yilda 21,5 mingdan ortiq shartnoma va qo‘shimcha bitimlar elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilib, bu jami shartnoma va qo‘shimcha bitimlarning 40 foizini tashkil etdi.
Tadbirda ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.