Elektron tijorat sohasi yanada takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, elektron tijorat operatorlari (elektron savdo platformasi, buyurtmalar agregatori va raqamli striming xizmati operatorlari) sifatida faqat yuridik shaxslar - O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi;
elektron shartnoma yoki bitimlar orqali hech qanday majburiyatlar olmaydigan, foydalanuvchilarga o‘zining axborot resursi yoki platformasi orqali tovar (ish, xizmat) hamda raqamli mahsulotlar haqida ma’lumot yoki axborot berish bilan cheklanadigan yuridik shaxs va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor elektron tijorat operatori hisoblanmasligi belgilangan.
2025 yil 1 iyuldan boshlab elektron tijorat operatorlari faoliyatini amalga oshirishi uchun xabardor qilish tartibi joriy qilinadi.
2025 yil 1 iyuldan boshlab tijorat operatorlari, elektron tijoratda sotuvchi bo‘lgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, shuningdek, elektron tijoratda sotuvchi yoki buyurtma asosida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi yoxud yo‘lovchilarni yengil avtotransport vositalarida tashish faoliyatini amalga oshiruvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar elektron tijorat doirasida hisob-kitoblarni faqat alohida bank hisobvaraqlaridan foydalangan holda amalga oshiradi;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning elektron tijorat doirasidagi faoliyati natijasida pul mablag‘lari tarzida olingan daromadlari o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning bank kartasi biriktirilgan alohida bank hisobvarag‘ida hisobga olinadi;
o‘zini o‘zi band qilgan shaxsning alohida bank hisobvarag‘iga tushadigan mablag‘lar summasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan olingan daromadlarni aniqlashda o‘zini o‘zi band qilgan shaxsni aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi sifatida tan olish uchun foydalaniladi.
O‘zA