Elektron katalog tizimi:amaliyot va samara
Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida kutubxonalarda elektron katologlar tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami va sifatini yanada yaxshilash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi mutaxassislari, tuman, shahar axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, xodimlari ishtirok etgan seminarda “Uz Nel” avtomatlashtirilgan axborot-kutubxona tizimi hamda respublika yig‘ma elektron katalog markazining “Unikat.natlib.uz” tizimi ish samaradorligini oshirish, tizimni bir maromda ishlashini ta’minlash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Mutaxassislar tomonidan mavzu doirasida ma’ruzalar o‘qildi, tizim faoliyatini samarali yuritish bo‘ycha ma’lumotlar berildi. Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, shuningdek, mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirish, mavjud muammolarni bartaraf etish, ilg‘or ish uslublarini ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
[gallery-3753]
– Elektron katologlar tizimining samarali ishlashi nafaqat kitobxonlar, balki kutubxona xodimlari uchun ham qator qulaylik va afzalliklar beradi, – deydi Andijon viloyati Axborot-kutubxona markazi rahbari Gulnoraxon Ismoilova. – Shu boisdan ham mazkur tizimni shakllantirish, samarali ishlashini ta’minlash muhim hisoblanadi. Elektron katologlar tizimi ishi samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan mazkur seminar soha xodimlarining ana shu yo‘nalishdagi bilim va tushunchalarini boyitishga yaqindan yordam berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zaro tajriba almashdi, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA