Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalar quvvati oshirilmoqda

Mamlakatimizda elektr energiyasi ta’minoti va tarmoqlarining barqarorligi iqtisodiyot va aholi turmush darajasi uchun muhim ahamiyatga ega.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunovning ma’lum qilishicha, zamonaviy talablar va iste’molchi ehtiyojlari ortishi sharoitida elektr tarmoqlari quvvatini oshirish, podstansiyalarni modernizatsiya qilish va uzilishlar xavfini kamaytirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

– Shu bois, ayni kunlarda boshqa hududlar kabi Andijon viloyatidagi 220 kV kuchlanishli “Saroy” podstansiyasida olib borilgan quvvatni oshirish ishlari nafaqat mahalliy aholi va sanoat ob’ektlarini ishonchli elektr ta’minoti bilan ta’minlashga, balki kuz-qish mavsumida tarmoqning barqarorligi va uzluksizligini ta’minlashga ham xizmat qiladi. 220 kV kuchlanishli “Saroy” podstansiyasida quvvatni oshirish ishlari olib borilgan. Unga ko‘ra, AT-2-125 MVA quvvatli avtotransformator o‘rniga 200 MVA quvvatli avtotransformator o‘rnatilib, ishga tushirildi. Buning natijasida podstansiyaning o‘tkazuvchanlik quvvati 75 MVAga oshirilib, umumiy quvvat 400 MVAga yetkazildi. Bu ishlar iste’molchilarning elektr ta’minotini yanada ishonchli va barqaror ta’minlashga hamda kuz-qish mavsumida uzilishlar xavfini kamaytiradi.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, Andijon viloyatida jami uzunligi 2 276,6 km. bo‘lgan 1 ta 500 kV, 14 ta 220 kV, 122 ta 110 kV va 65 ta 35 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari mavjud. Shuningdek, 1 ta 500 kV kuchlanishli “Lochin” va 5 ta 220 kV kuchlanishli “Yulduz”, “Hakan”, “Fozilmon”, “Saroy” va “Bobur” podstansiyalar hamda 64 ta 110 kV va 78 ta 35 kV kuchlanishli 148 dona podstansiyalar faoliyat ko‘rsatadi.

Podstansiyalarning jami to‘la quvvati 5 422,3 MVA (magavolt∙amper)ni tashkil etadi. Shundan 500 kV kuchlanishli podstansiyalarning quvvati 1 602,0 MVA, 220 kV kuchlanishli podstansiyalar quvvati 1 480,0 MVA, 110 kV kuchlanishli podstansiyalar quvvati 1 838,2 MVA, 35 kV kuchlanishli podstansiyalar esa 502,1 MVAga teng, – dedi u.

N.Ziyodullayeva, O‘zA