“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filialida elektr uskunalarida bajariladigan ishlar tungi soatlarda amalga oshirilmoqda. Albatta, bu qish kunlarida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning oshgani bilan bog‘liqdir.
“Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Anvar RASULOV bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Bunday vaziyatda zarur ishlar ishchi-xodimlar hushyorligini ikki karra oshirgan va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etgan holda rahbar-xodimlar ishtirokida bajarilmoqda, – dedi A. Rasulov. – Filialda tashkil qilingan shtabda kunu tun tezkor brigadalar ishlaydi. Podstansiyalarda kechki maksimum soatlarda elektr qurilmalarining ishonchli ishlashi, harorati, texnik ko‘rsatkichlari va elektr energiyasi iste’molining tahlili muntazam olib boriladi. Aniqlangan kamchiliklar zudlik bilan bartaraf qilinishi choralari ko‘riladi.
Filial “O‘zbekiston MET” AJning tarkibiy qismi sifatida poytaxtimiz va Toshkent viloyatidagi aholi iste’molchilari, tadbirkorlik sub’ektlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan muntazam ta’minlaydi. Ya’ni, mazkur tashkilot elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan olib, iste’molchilarga yetkazib berilishida bir bo‘g‘in vazifasini bajaradi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari jadal olib borilganiga qaramay, bu yilgi ilk sovuq kunlardayoq qator kamchiliklar yuzaga kelgani rost. Yetkazib berilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayishi va elektr energiyadagi uzilishlar poytaxtimiz hamda viloyatlar aholisi uchun bir muncha noqulay sharoitni yaratdi. Kunu tun avariya holatlarini bartaraf etish, murojaatlarga tezkor javob berish uchun esa maxsus shtablar tashkil etilgan.
Ayni vaqtda “Toshkent shahar MET” filiali balansida umumiy quvvati 3034,5 megavoltamper bo‘lgan 220 kVtli 7 ta podstansiya ishlab turibdi. Joriy yilda 4 dona transformator hamda 8 dona o‘chirgich mukammal ta’mirdan chiqarildi. “Qo‘yliq”, ”Yuksak” va “Ozodlik” podstansiyalarida esa modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari davom ettirilmoqda. Bu yil hisobidan 43,8 milliard so‘m o‘zlashtirilib, zamonaviy elektr uskunalarga va umumiy quvvati 338 megavoltamper bo‘lgan kuch transformatorlari foydalanishga topshirildi. Podstansiyalarga birin-ketin yangi, yuqori quvvatli transformatorlar o‘rnatilyapti va elektr uskunalar yangisiga almashtirilyapti.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ZJwPm8xwpxk" title="Elektr uskunalarida bajariladigan ishlar tungi soatlarda amalga oshirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Joriy yilning 5 iyulida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va Xitoy Xalq Respublikasining “Shandong Electrical Engineering & Equipment Group Co., Ltd.” kompaniyasi 6,78 million dollarlik shartnoma imzolandi. Ahamiyatlisi, bunday elegazli kompleks qurilmasi yurtimizda ilk marotaba yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Tizimda bu kabi yangilanishlar, ta’mirlash ishlarining jadallashgani, past quvvatli transformatorlar yuqori quvvatlisiga almashtirilayotgani mavjud muammolar yechimida muhim omillardandir.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi