Elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lmaydi
Navoiy viloyatida joriy yilda 260 ming 941 ta yuridik va aholi iste’molchilariga elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulangan hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari yakuniga yetkaziladi.
Prezidentimizning 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
bugungi kungacha viloyatda 140 mintaga yaqin hisoblagichlar yangisiga almashtirilgan. Bu haqda Navoiy shahridagi “Coworking” markazida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi va “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati hamkorligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida korxonaning iqtisod va moliyaviy masalalar bo‘yicha direktori Bobir Islomov ma’lum qildi.
bugungi kunda jamiyat hayotini elektr energiyasiz tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlarida elektr energiyasiga talab tobora ortib bormoqda. Shu bois, "Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" aksiyadorlik jamiyati tomonidan sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda iste’molchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berishga harakat qilinmoqda.
Korxona tomonidan joriy yilda 3 ming 665 kilometr havo elektr uzatish tarmoqlari, 55 dona podstansiya hamda 946 ta transformator punktlari joriy va mukammal ta’mirlandi. 2020/2021 yillar kuz-qish mavsumida aholi iste’molchilarini elektr energiya bilan ta’minlashda uzilishlarning oldini olish maqsadida korxonada 25 dona har xil quvvatli transformator punktlari va 10 tonna transformator moyi zaxirasi yaratilgan. Bundan tashqari, viloyat hududidagi 1190,2 kilometr uzunlikdagi 0,4-10-35 kV. kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari tegib turgan daraxt shoxlaridan tozalanmoqda. Avariyalarni zudlik bilan barataraf etish uchun 42 ta brigada tuzilgan.
2017-2019 yillar davomida Nurota tumanidagi 110/10 kVli Azizobod podstansiyasidagi T-1 2500 kVA transformator zaxirada bo‘lgan 6300 kVA transformatorga, 35/10 kVli Yombosh podstansiyasidagi 1600 kVAli transformator 2500 kVAli transformatorga, G‘ozg‘on shaharchasidagi 35/10 kVli "G‘ozg‘on" podstansiyasidagi 2500 kVA va 4000 kVAli bo‘lgan transformatorlar 2 ta 6300 kVAli transformatorlarga almashtirildi.
Uchquduq tumanidagi 35/10 kVli Akbaytal podstansiyasining kuchli qum bo‘roni oqibatida qum ostiga qolib ketgan qismi qumdan tozalanib yuqoriga ko‘tarildi va ortiqcha yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida 2500 kVAli o‘rniga 1000 kVAli, Navbahor tumanidagi 110/35/10 kVli “Yangi Qo‘rg‘on” podstansiyasidan chiquvchi 110 kVli Nurota va Malikcho‘l havo elektr uzatish tarmoqlarining moyli o‘chirgichlari o‘rniga zamonaviy elegazli o‘chirgichlar o‘rnatildi. Qiziltepa tumanida joylashgan 110/35/10 kVli "Zarmetan" podstansiyasining 10 kVli tarqatish qurilmasi zamonaviysiga almashtirildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning elektr tarmoqlaridagi tez-tez uzilishlar, uzilishlar haqida iste’molchilarni olindan xabardor qilish, ularga yetkazilgan zararni qoplash, eskirgan simyog‘ochlar o‘rniga yangilarni o‘rnatish yuzasidan bergan savollariga mutasaddilar tomonidan batafsil javob berildi.
[gallery-160]
Abduvali BO‘RIEV, Siroj ASLONOV (foto), O‘zA