Elektr stansiyalarida xavfsizlik
Respublika “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati korxonalarida bo‘lib o‘tgan “Xavfsizlik texnikasi ko‘rik-oyligi” doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Namangan viloyatidagi To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasida korxonaning barcha ishlab chiqarish sexlari xodimlari o‘zlari tayyorlagan dasturlar asosida ko‘rgazmali chiqishlarni namoyish etdi.
Avval sexlar miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov, musobaqa va tadbirlar “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati mas’ul vakillari ishtirokidagi keyingi bosqich tanlov va bellashuvlariga jiddiy tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.

Sexlararo umumstansiya tanlovi to‘rt nominatsiyada o‘tdi – xodimlar og‘ir jarohat olgan kishini ma’lum vaqt davomida jonlantirish, elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni aniqlash, texnik ishlarni bajarish uchun namunaviy naryad to‘ldirish, texnika ekspluatatsiyasi qoidalari, yong‘in xavfsizligi va xavfsizlik texnikasi, jarohat olgan xodimlarga birinchi yordam ko‘rsatish kabi masalalarni qamrab olgan elektron-test sinovlarida guruhlarga bo‘lingan holda ishtirok etdi.

– Bunday tadbirlarni nafaqat ko‘rik-oylik doirasida, balki muntazam o‘tkazib borish maqsadga muvofiq, – deydi “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati mas’ul xodimi Shohruhbek Kamolov.
–Shu narsa yaqqol ko‘rindiki, real voqelikka yaqinlashtirilgan bu kabi amaliy mashg‘ulotlarda xodimlar bilimining oshishi, kasbiy ko‘nikmalari, tajribasi mustahkamlanishida ijobiy natijaga erishish mumkin.

Tadbirlar yakunida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining mas’ul vakili, stansiya bosh muhandisi, mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi bo‘limi xodimlaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari tomonidan mashg‘ulotlar davomida yo‘l qo‘yilgan ayrim tashkiliy-texnik tusdagi kamchiliklar va nuqsonlar ko‘rsatib o‘tildi. Ishtirokchilarga zarur amaliy tavsiyalar berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA