Elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasidagi korxonalar uchun tariflar tasdiqlandi
Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot xizmati ma’lum qildi.
Unda yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasining 2026-yil 15-iyul kuni bo‘lib o‘tgan 37-son yig‘ilishida elektr energiyasi va tabiiy gaz sohasidagi korxonalar o‘rtasida qo‘llaniladigan tartibga solinadigan tariflar tasdiqlandi.
Mazkur tariflar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 15-iyundagi 337-son qarori bilan tasdiqlangan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun tariflarni shakllantirish tartibi asosida tayyorlangan hisob-kitob materiallari asosida ko‘rib chiqildi.
Komissiya qaroriga muvofiq, neft-gaz tarmog‘i korxonalari uchun tabiiy gaz narxlari va tariflari, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash hamda sotish jarayonlarida energetika sohasi korxonalari o‘rtasida qo‘llaniladigan tariflar tasdiqlandi.
Shuningdek, tasdiqlangan tariflar O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq belgilangan tartibda yoqilg‘i-energetika sohasidagi tegishli korxonalar tomonidan e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu tariflar energetika sohasi korxonalari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda qo‘llaniladi. Mazkur qaror bilan aholi, tadbirkorlik sub’ektlari va boshqa yakuniy iste’molchilar uchun amaldagi elektr energiyasi hamda tabiiy gazning chakana tariflariga o‘zgartirish kiritilmaydi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA