Elektr energiyasi taʼminoti tiklanmoqda
Mamlakatimizda amalda boʻlib turgan karantin holati va u bilan bogʻliq ayrim tartib va cheklovlar sabab aksariyat yurtdoshlarimiz uyidan chiqmayapti.
Mamlakatimizda amalda boʻlib turgan karantin holati va u bilan bogʻliq ayrim tartib va cheklovlar sabab aksariyat yurtdoshlarimiz uyidan chiqmayapti.
Ochigʻi, koronavirus atalmish baloni yengishda asosiy – uydan chiqmaslik talab etib turilgan bir paytda oʻyinqaroq, tartib va cheklovlarni tushuntirishimiz biroz mushkul boʻlgan bolajonlarni uyda tutib turish biroz qiyin, albatta. Inchinun, uyingizda elektr energiyasi boʻlmasa. Yanayam oddiyroq qilib aytganda, dars mashgʻulotlarini televideniye orqali kuzatib borayotgan oʻquvchi-yoshlarni elektrsiz shundan ham mosuvo qilish ularga qattiq taʼsir koʻrsatadi.
Toʻgʻri, ayni sinovli, pandemiya hech bir sohani chetlab oʻtmayotgan, ayniqsa, dunyo iqtisodiyotiga salbiy jihatdan jiddiy taʼsir oʻtkazishi taxmin qilinayotgan bir paytda elektr energiyasi barqarorligi har qachongidan muhim. Lekin gap kelajak avlod tarbiyasi, ertamiz davomchilari haqida borar ekan, birgina elektr energiyasi bilan bogʻliq sabab tufayli ularning taʼlim-tarbiyasida uzilishlar boʻlishini oqlab boʻlmaydi.
Aprel oyida hech kutilmaganda qor yogʻishi, ortidan davom etgan yogʻingarchilik va kuchli shamol biz xohlamagan ayni bir holat – elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlarga sabab boʻldi. Jumladan, Toshkent viloyati Qibray tumanidagi qator hududlarda ham ushbu holatlar soʻng avariya holatlari qayd etilib, taʼminotda uzilishlar kuzatildi.
Ayni karantin holatidan kelib chiqib, shu soha masʼuli sifatida tezkor choralar koʻrish, jamoamiz bilan avariya holatlarini imkon qadar tez bartaraf etish, isteʼmolchilarni barqaror elektr energiyasi bilan taʼminlashga kirishdik.
Tan olish lozim, tumanimizdagi yuqori va past kuchlanishli havo tarmoqlari hududining aksariyatida tizim xodimlarining ayrim xatosi tufayli mana shu holatlar kuzatildi. Ayni paytda korxona masʼullari bundan toʻgʻri xulosa chiqargan holda kelgusida elektr taʼminotida uzilishlarning oldini olish maqsadida tunu kun mehnat qilmoqda.
Yogʻingarchilik, yuqori namlik darajasi boʻlishiga qaramay joylarda elektr tarmoqlariga xalaqit beruvchi omillar bartaraf etilmoqda. Yaʼni, elektr havo tarmoqlari yaqin boʻlgan daraxtlardan tozalanib, turli koʻngilsiz holatlar yuz berishining oldi olinmoqda.
Ayni damda tozalash tadbirlari tumanning Zebuniso, Botanika, Yoshlik, Yonariq, Shalola, Baytqoʻrgʻon va Qipchoq mahallalarida korxonaning 30 nafarga yaqin ishchi-xodimlari tomonidan olib borilayotir.
Mabodo ayni dam xonadoningizda elektr energiyasi boʻlmasa, aslo xavotirga tushmang. Tuman elektr taʼminoti korxonasi tezkor brigadalari tomonidan avariya hududlarida taʼmirlash-tiklash ishlari olib borilib, uzilishlarga barham berilmoqda.
R. Raupxoʻjayev,
Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbari