Elektr energiya ta’minotidagi nosozlik bartaraf etildi
Yurtimizda hukm surayotgan anomal sovuq sharoitida Andijon shahrining qator hududlarida elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortib ketishi oqibatida turli nosozliklar yuzaga kelmoqda.
Andijon shahrining Qo‘shariq dahasida joylashgan “NS-3” elektr energiyasi taqsimlash maskanidan chiquvchi “Kottej med servis”, “Maydon bozor”, “Yordam”, “Rayona”, “Hisoblagich”, “Mirobod” va “Beshik” elektr uzatish tarmog‘larining T-1 qismi shinalaridagi yuklamaning ortishi natijasida o‘ta qizish holati yuzaga kelgan. Yuzaga kelgan nosozlikning oldini olish maqsadida mazkur tarmoqlar elektr energiyasi ta’minotidan ajratiladi.
Natijada Andijon shahridagi Bunyodkor, Qo‘shariq, Istiqlol, Shifokor, Yaxshi maydon, Gumbaz, Yorboshi”, Saxovat”, Haqiqat mahallalari qisqa muddatga elektr ta’minotidan uzildi.
– Mutaxassislarimizning yuqori professional darajada olib borgan ishlari natijasida mavjud nosozlik ikki saot davomida bartaraf etildi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali rahbari Xurshidbek Yuldashev. – Muammo bartaraf etilishi bilanoq elektr ta’minotidan uzilgan mahallalarda elektr energiyasi ta’minoti to‘la tiklandi.
Sovuq ob-havo hukm surayotgan shu kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali hamda tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarida maxsus shtablar tuzilgan bo‘lib, joylarda yuzaga kelayotgan nosozliklar bo‘yicha ma’lumotlar 24 soat mobaynida qabul qilinmoqda. Nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha viloyatda 90 ta tezkor ta’mirlash brigadasi tashkil etilib, 32 ta maxsus avtotransport hamda 5 ta avtolobaratoriya jalb etildi. Mazkur brigadalar, soha mutaxassislari kunu tun mehnat qilmoqda.
Bundan tashqari, yuzaga kelgan og‘ir va murakkab sharoitdan kelib chiqib, tarmoqlarda elektr energiyasi yuklamasi ortib ketishining oldini olish maqsadida soha xodimlari tomonidan elektr energiyasidan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish bo‘yicha aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari ham olib borilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA