Qarshi shahridagi jurnalistlar uyida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qashqadaryo hududiy filiali rahbari Anvar Muzapov ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qashqadaryo hududiy filiali tomonidan viloyatdagi 819 ta mahalladagi 707 ming aholi va 52 mingta yuridik iste’molchiga 182 dona podstansiya, 29 ming kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 10 ming 673 dona transformator orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Bugungi kunda viloyatning bir kunlik elektr energiyasi iste’moli 21,2 million kVt.soatni tashkil etmoqda. 2023-2024 yillar qish mavsumini yaxshi o‘tkazish hamda aholiga elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish maqsadida 2974,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 ming 46 dona transformator mukammal ta’mirlandi. Shuningdek, 685 kilometr tarmoq va 312 dona transformator yangidan qurildi.
Bundan tashqari, Dehqonobod tumanidagi podstansiyasiga qo‘shimcha 10 MVAli kuch transformatori o‘rnatildi. Ko‘kdala tumanidagi “Chiyal” podstansiyasining 4 MVAlik kuch transformatori 10 MVAli kuch transformatoriga, Shahrisabz shahridagi “Shahrisabz” podstansiyasining 16 MVAlik kuch transformatori 25 MVAli kuch transformatoriga, Kitob tumanidagi “Ulug‘bek” podstansiyasining 10 MVAlik kuch transformatori 16 MVAli kuch transformatorlariga almashtirildi.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida 258 ta mahalladagi 110 ming nafardan ortiq aholi xonadonlariga, 3 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifati yaxshilandi. Qish mavsumida elektr energiyasining iste’moli ortishi natijasida tarmoqlarda, taqsimlash punktlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlar va avariyalarning oldini olish maqsadida 91dona har xil quvvatdagi transformator, transformator moyi, sim, kabel, temir-beton ustunlar, har xil izolyatorlar, avtomat va rubilniklar hamda boshqa elektr qurilmalari zaxirasi yaratildi.

Bundan tashqari, 624 nafar mutaxassisdan iborat 104 ta ta’mirlash brigadasi tashkil etildi. Ularga 29 ta maxsus texnika va 58 ta avtomashina jalb etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat korxonalari, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini mavsum davomida elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha filial va uning tarkibidagi elektr ta’minoti korxonalarida rahbar hamda mas’ul xodimlardan iborat tunu-kun ishlovchi shtab (navbatchiliklar) faoliyati tashkil etildi. Viloyat shtabining telefon raqamlari, SALL CENTRE xizmati, aholi va tadbirkorlarning murojaatlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot telegramm kanali yo‘lga quyilgan.
Shuningdek filial rahbari Anvar Muzapov ma’ruzasi so‘ngida aholini elektr energiyasidan oqilona va to‘g‘ri foydalanishga, uning behuda sarflanishiga yo‘l qo‘ymaslikka, foydalanilgan elektr energiyasi to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash orqali elektr quvvatining uzluksiz ta’minlanishiga o‘z hissasini qo‘shishga chaqirdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri