Elektr energiya pulini vaqtida to‘lash zarur
Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan energiya resurslaridan qarzdorligi uchun 2 ming 167 nafar jismoniy va yuridik shaxsdan 45 milliard 372 million so‘m mablag‘ undirildi.
Yoqilg‘i-energetika kompleksini modernizatsiya qilish hamda texnologik qayta jihozlash, energiya resurslari yetkazib berish va iste’mol qilish sohasida shartnoma majburiyatlariga so‘zsiz rioya etish— iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini jadal rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlik va ishbilarmonlik faolligini oshirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Ma’lumki, bu yil qish ancha sovuq bo‘lganligi uchun energetika tizimi bilan bog‘liq muammolar yaqqol ko‘rinib qoldi. Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishda ayrim eskirgan vositalar iste’mol talabi darajasida emasligini anglatdi. Energetika tizimlarini transformatsiya qilish o‘z navbatida mablag‘ga borib taqaladi.
Energiya resurslaridan foydalanib, pulini to‘lashga kelganda “xarajatlar ro‘yxati”ning oxirgi qatoriga qo‘yadigan shaxslar ham uchrab turadi. bugungi kunda majburiy ijro byurosining Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan energiya resurslaridan qarz undiruvlar bilan bog‘liq ijro ishlari alohida nazoratga olingan bo‘lib, jismoniy va yuridik shaxslarga yuzaga kelgan qarzdorliklarini doimiy ravishda to‘lab borish, aks holda qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralari ko‘rilishi mumkinligi yuzasidan muntazam ravishda tushuntirish ishlari olib boriladi.
Byuroning Jizzax viloyati boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslardan ijro hujjatlariga asosan joriy yilning 8 fevral kunidan energiya resurslaridan qarzdorligi uchun 2 ming 167 nafar jismoniy va yuridik shaxslardan 45 milliard 372 million so‘m amalda undirilgan bo‘lsa, 123 ta 33 milliard 259 million so‘mlik mulk xatlanib, 59 ta 29 milliard 858 million so‘mlik mulk elektron onlayn savdolariga chiqarilgan.
Jumladan, Byuroning Forish tumani bo‘limi ish yurituvidagi ijro hujjatiga asosan qarzdor “FARIJ AGRO NURAFSHON” mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan elektr energiyasidan 95 million so‘m qarzdorlik hamda 5 million so‘m ijro yig‘imi undirilgan.
Tabiiy boyliklarimizning qadriga yetib, undan foydalangandan so‘ng to‘lovlarini ham o‘z vaqtida to‘lab borilganda, shu kabi ortiqcha xarajatlar va harakatlar amalga oshirilmas edi.
A.QAYUMOV, O‘zA