Qaror va ijro
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan mamlakat elektr energiyasi iste’molchilariga ASKUE tizimiga mos keluvchi hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. Bu esa ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi shaffoflikni hamda elektr energiyaning samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zA muxbirining "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ "Elektr energiyasini avtomatlashirish markazi" filiali direktor o‘rinbosari Diyorbek NISHONOV va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati rahbari Faxriddin NURALIEV bilan suhbati ushbu ASKUE tizimining amaliy natijalari, iste’molchilardan kelayotgan murojaatlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida elektr energiya to‘lovi uchun taklif etilgan narxlar xususida bo‘ldi.
– Diyorbek Nasibjonovich, mamlakatimizda ASKUE tizimini joriy etish energiya ta’minotini yaxshilash, energiya tejamkorligi va samaradorligini oshirishda qanday natijalar berdi?
– Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrdagi qaroriga asosan respublikamizda elektr energiya iste’molchilariga aqlli hisoblagichlar o‘rnatish, ya’ni elektr energiyasini hisobga olishda avtomatlashtirilgan tizimni joriy etish topshirig‘i qo‘yilgan edi. Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan iste’molchilarga aqlli hisoblagichlarni o‘rnatish yakunlandi.
bugungi kunda ushbu tizimni joriy etishdan maqsad elektr ta’minoti korxonasiga uzatilgan manbani iste’molchiga borgunga qadar nazorat qilishga qaratilgan.
Xo‘sh, bu tizim iste’molchilarga nima beradi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Avvallari maxsus xodimlar uyma-uy yurib, hisoblagichlar ko‘rsatkichini yozib olar va bu ma’lumotlar yana maxsus vakil tomonidan dasturga kiritilar edi. Bu jarayonda inson omili ishtirok etgan. Inson omili hisobida xatolik va noaniqliklar kuzatilgan. Bu esa, o‘z navbatida, iste’molchilarning noroziligiga sabab bo‘lgan.
AEKUE esa bu kabi salbiy holatlarga mutloq barham berdi. Iste’molchilar xonadoniga o‘rnatilgan “aqlli” hisoblagichlar va u orqali kunlik iste’mol tizimda yorqin namoyon bo‘ladi. Onlayn ravishda iste’molchilarga SMS orqali ularning iste’moli va to‘lovlari haqida ma’lumotlar yetkazilib boriladi.
Endi savolingizga yanada aniqroq javob beradigan bo‘lsak, tizim uchun elektr ta’minotini yaxshilash katta yordam bermoqda. Bunda nafaqat iste’molchilarga, balki transformator punktlariga ham balans hisoblagichlar o‘rnatilgan. Bu esa iste’molchi va balans hisoblagichlar o‘rtasidagi tafovutni bilgan holda, joylarda transformatorning yuklanganlik darajasini ham bilish imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 aprelda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, elektr ta’minotini, jumladan, transformatorlar va nimstansiyalar holatini yaxshilash kabi bir qator vazifalar belgilangan.
Mazkur dasturlarga asosan past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya hamda kapital remont qilish va qaytadan qurish ishlari amalga oshirilmoqda. Aynan bu jarayonda yangi tizim juda katta yordam beradi, ya’ni tizimdan onlayn ma’lumotlarni olib, o‘sha kunning o‘zida solishtirma ma’lumotlarni amalga oshirish orqali transformator punktlarining yuklanganlik darajasini bilish mumkin. Bu, o‘z navbatida, qayerda yuklama katta bo‘lsa, kapital yoki joriy ta’mirlash ishlarini olib borish yoki transformatorni yangilash kerakligi haqida manzilli javob olish imkoniyatni yaratadi.
– Ta’kidlaganingizdek, ASKUE tizimi tarmoq faoliyati uchun ham katta yordam beryapti. Tizim joriy qilingunga qadar iste’molchilar orasida qarzdorlik ko‘p bo‘lgan. AEKUE tizimi esa bu kabi qarzdorlikka barham berdi. Bu haqida nima deysiz?
– Avvallari maxsus xodim borgandagina qarzdorlik hisoblanar va iste’molchiga xabar qilinardi. bugungi kunda ushbu tizim tufayli hududlar kesimida ko‘radigan bo‘lsak, 95 foiz istemolchilar oldindan to‘lov usuliga o‘tdi. Iste’molchilarga yana katta qulaylik shuki, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning 2100 qisqa raqami orqali iste’molchilarga ma’lumotlar berib boriladi. Iste’molchilarga to‘lov va to‘lovni amalga oshirish haqida SMS xabarlari yuboriladi.
Bundan tashqari, shaxsiy kabinet mavjud. Bu orqali dasturiy ta’minotda qanday hisob-kitob amalga oshirilsa, xuddi shu ko‘rinishda shaxsiy kabinetda oylik iste’moli yoki bugungi kunda qancha iste’mol qilinganligi yozib olinadi.
– ASKUE tizimi qancha iste’molchini qamrab oldi?
– Loyiha bo‘yicha 7 million 400 mingdan ortiq hisoblagich iste’molchilar xonadoniga o‘rnatilgan. Qaror loyihasi yakunlangan, lekin “aqlli” hisoblagichlarni xonadonlarga o‘rnatish davom ettiriladi.
bugungi kunda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilashda aholi va iste’molchilardan kelayotgan murojaatlar bilan ishlash va ularda ko‘rsatilgan talab-taklif hamda muammolarga yechim topish ham “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning asosiy va dolzarb vazifalaridan biriga aylanib bormoqda. Negaki, elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyojning kundan-kunga ortib borishi bunga muhim omil bo‘lmoqda.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ matbuot xizmati rahbari Faxriddin NURALIEV bilan kechgan suhbatimiz jamiyat tomonidan aholi va iste’molchilarning murojaatlari bilan ishlash qanday yo‘lga qo‘yilganligi va yangi narx takliflari haqida bo‘ldi.
– “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan murojaatlar bilan ishlash yuzasidan ham alohida tizim yo‘lga qo‘yilgan. Jamiyat boshqaruvi raisining “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan muloqot” telegramm kanali ochilgan. Bu telegramm kanal orqali iste’molchilar o‘z hududlarida elektr energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolar haqida murojaatlarni yuborishlari yoki onlayn tarzda javob olishlari mumkin. Bundan tashqari, 1154 qisqa raqamli koll-sentrimiz ham 24 soat davomida ishlaydi.
Endi raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning 5 oyi mobaynida 29 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Shundan 27 mingdan ortiq murojaatga o‘z vaqtida javob qaytarilgan va bu borada ishchi guruhlar tomonidan muammolar o‘rganilib, bartaraf etilgan. Ushbu murojaatlarning mazmuni qanday degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ularning aksariyati joylardagi transformatorlar, tarmoqlar, elektr tayanch ustunlarining eskirganligi, ularga qo‘shimcha quvvat qo‘shish yoki xodimlar ustidan noroziliklar bilan bog‘liq murojaatlardir. Hozirgi kunda mingdan ortiq murojaat ish jarayonida va ular ijobiy hal etiladi.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaatlar kelib tushmoqda. Bu murojaatlar ham tegishli tartibda o‘z yechimini topmoqda.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasida to‘lovlar uchun yangi narx taklif etilgan. Bunda to‘lovlar tabaqalashtirilgan tarzda amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi. Bu haqida fikringiz qanday?
– Mazkur qaror loyihasiga ko‘ra, 2022 yil 1 iyuldan boshlab, elektr energiyasi bo‘yicha aholi uchun 1 kilovatt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kilovatt soatgacha 325 so‘m, 250 kilovatt soatdan yuqori har 1 kilovatt soat uchun 650 so‘m belgilanmoqda.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, respublikamizning deyarli 80 foiz iste’molchilari 200 kilovatgacha elektr energiyasini ishlatgan. Bu norma ko‘pchilik iste’molchilarga deyarli ta’sir qilmaydi. Bundan kutilayotgan natija esa elektr energiyasini tejash va undan oqilona foydalanishga imkon yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, hozirgi kunda respublikamizda bir kilovatt elektr energiyasini ishlab chiqarish deyarli 450 so‘mga aylanadi. Ayni kunda to‘lov 295 so‘mni tashkil etadi.
Iste’molchilarga jamiyatimiz tomonidan o‘tgan oydan boshlab ishlatgan elektr energiyasi bo‘yicha SMS ma’lumotnoma yuboryapmiz. Jamiyatning saytidagi shaxsiy kabinet orqali kunlik va 10 kunlik iste’mol ham o‘rin olgan. Bundan tashqari, to‘lov tizimlari orqali ham bir oylik iste’mol haqida ma’lumotlarni texnik jihatdan ko‘rib chiqyapmiz. Joriy qilingan ijtimoiy kalkulyator ham shu maqsadga xizmat qilishi bilan yanada ahamiyatlidir.
To‘g‘risini aytganda, har qanday yangilik va narx-navodagi o‘zgarishlar fikr-mulohazalarga, qolaversa, e’tirozlarga uchrashi tabiiy. bugungi kunda dunyo mamlakatlarida energiya resurslarining oshishi, elektr energiyasini ishlab chiqarish bilan bog‘liq xarajatlar ortishi, ishlab chiqarishga yangi texnologiyalarning kirib kelishini kuzatyapmiz. Shuningdek, Energetika vazirligi tomonidan muqobil energiya manbalari asosida ishlab chiqarishning tatbiq etilishi ham xarajatlarning oshishiag kelib bog‘lanadi. Bu ham tarif bilan, ham elektr energiyasining narxi bilan bog‘liqdir. Aslida, bu oddiy arifmetika. Kirim qilinmasa, chiqim bo‘lmaydi.
Qaror loyihasida taklif etilayotgan elektr energiyasi uchun narxlar Moliya hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirliklari mutaxassislari tomonidan chuqur o‘rganilgan.
O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.