Eldor Shomurodovning Turkiyada yana to‘p urar bo‘lmoqchi
Turkiya Superligasidagi navbatdagi bahsda "Bashakshehir"ning asosiy o‘yinchisi Eldor Shomurodov yana bir bor diqqat markazida bo‘ldi.
Turkiya Superligasining uchinchi turida «Bashakshehir» o‘z maydonida «Kasimpasha»ni qabul qildi. Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi.
Mezbonlar tarkibida maydonga tushgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov 18-daqiqada jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Hujumchi jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarba raqib himoyachisiga tegib, yo‘nalishini o‘zgartirdi va darvoza to‘riga borib tushdi. Uchrashuvning 20-daqiqasida Eldor Shomurodov ikkinchi golga yaqin keldi. U raqibidan to‘pni olib qo‘yib, jarima maydoniga yorib kirdi va kuchli zarba berdi. Biroq to‘p himoyachiga tegib, ustunga borib urildi.
O‘yinning ikkinchi bo‘limi 81-daqiqasida «Kasimpasha» jamoasi vakili Diabate gol urib, hisobni tenglashtirdi — 1:1. Qolgan daqiqalarda jamoalarning harakatlariga qaramay, hisob o‘zgarmadi.
Shu tariqa, «Bashakshehir» mavsumdagi ochkolari sonini 4 taga yetkazdi. «Kasimpasha» esa 5 ochkoga ega bo‘ldi. Superliganing 4-turida «Bashakshehir» o‘z maydonida «Galatasaroy»ni qabul qiladi.
Darvoqe, «Kasimpasha»ga qarshi uchrashuv Eldor Shomurodov uchun ham ahamiyatli bo‘ldi. Zero, Hamyurtimiz chempionatning dastlabki uchta turida bittadan gol urdi va to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Ayni paytda to‘purarlar poygasida «Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimxen 5 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Muhammad Saloh, Meyson Grinvud va Vedat Muriki kabi futbolchilar hisobida 2 tadan gol bor.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA