Bugun Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida faoliyat yuritayotgan 17 nafar professor-o‘qituvchilarga Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 2 sentyabrdagi 536-sonli qarorida nazarda tutilgan bandlarga asosan professor va dotsent ilmiy unvonlari topshirildi.
Endilikda O‘zbekiston xalq artistlari, xalq xofizlari va xizmat ko‘rsatgan artistlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri professor va dotsent ilmiy unvonlarga ega bo‘lib, yoshlarga o‘z ixtisosliklari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berishi bilan ahamiyatlidir.

Ayni paytda mazkur institutda jami 130 ga yaqin professor –o‘qituvchilar pedagogik faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, tayanch doktoranturada hamda mustaqil izlanuvchi sifatida 20 nafarga yaqin yoshlar o‘zlarining dissertatsiya ishlarini yakunlamoqda.

Milliy musiqa san’atining asosiy yo‘nalishlari bo‘lmish mumtoz musiqa, maqom ijrochiligi, katta ashula, baxshichilik va dostonchilik bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlar, qolaversa, hofiz va sozandalar, baxshi va oqinlarning ijodiy merosini chuqur o‘rganish va tizimlashtirish institut pedagoglarining asosiy vazifasi etib belgilangan.

– Musiqa san’ati har qanday mamlakat ijtimoiy, madaniy taraqqiyoti rivojlanishida eng ta’sirchan, samarali vositalardan biri sanaladi, -deydi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori vazifasini bajaruvchi Eldor Shermanov. – Yurtimizda madaniyat va san’at sohasini izchil rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi muassasalar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish, kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasida ko‘rilayotgani bizni quvontiradi. San’atning ajralmas qismi bo‘lgan musiqaning o‘ziga xos jihatlaridan biri shundaki, u tarjima qilinmaydi. Bir millat vakili yaratgan yaxshi musiqani barcha xalqlar tushunadi va zavqlanadi. Shuning uchun ham musiqani inson ruhiyatining ifodasi, desak bo‘ladi.

E’tirof etish joiz, institut professor-o‘qituvchilari xalqimiz madaniy merosining ajralmas bir qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati va xalq ijodiyoti yo‘nalishlarining qadimiy tarixi, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda alohida o‘rin egallashi, shuningdek, musiqa san’atini har tomonlama rivojlantirish, yosh avlodni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalashda san’atning o‘rni beqiyos ekanligini targ‘ibot etishda jonbozlik ko‘rsatib kelmoqda.

Samimiy ruhda kechgan davra suhbatidan so‘ng institut faollar zalida “O‘qituvchi va murabbiylar” bayrami oldidan “Ustoz – olamning yorug‘ chirog‘i” deya nomlangan konsert dasturi ham tashkillashtirildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/gc4PG4q4MOc?si=coNLWQbI7cSFs609" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘tkir Alimov, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA