Bugun poytaxtimizda «O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi raisligi va O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining istiqbollari» mavzusida davra suhbati boshlandi.
Tadbir «Taraqqiyot strategiyasi» markazi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan Turkiyaning “Marmara Group” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda so‘zga chiqqan SMTI direktori Eldor Aripov O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasidagi Strategik hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga alohida e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, joriy yilda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqalar o‘rnatilganligiga 30 yil to‘ldi. «Mazkur davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi va o‘zaro manfaatli hamkorligimizning yangi istiqbollari ochilmoqda», dedi SMTI rahbari.
Eldor Aripov so‘zlariga ko‘ra, strategik siyosiy aloqalar mavqeyining jadal rivojlanishida, hech shubhasiz,O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ulkan hissasi mavjud.
"Prezidentlarimizning tashabbuslari bilan ikki davlat munosabatlari tizimida yangi muloqot formati – oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzilganligini va bugunda samarali faoliyat yuritayotganini keltirishim mumkin", deydi mutaxassis.
Shu bilan birga, joriy yilning mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakuni bo‘yicha 10 ta hujjat, shu jumladan, imtiyozli savdo, mudofaa va sud-huquq sohalarida hamkorlik borasidagi muhim bitimlar imzolandi.
"Shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya rahbarlari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar maqomini «keng qamrovli strategik sheriklik» bosqichiga ko‘tarishga kelishib oldilar", deya qo‘shimcha qildi SMTI rahbari.
«Siyosiy aloqalarning jadalligi savdo-iqtisodiy hamkorlik dinamikasini oshirishga yordam berdi. Jumladan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 2,5 barobarga o‘sib, 3,6 milliard dollardan oshdi. Qo‘shma korxonalar soni 5 barobar ko‘payib, 2 mingdan ortdi. Investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari 70 barobarga o‘sdi», deya so‘zini yakunladi Eldor Aripov.
O‘zA