Elchining falsafiy-ma’naviy kundaligi
Shu kunlarda taniqli elchi Yodgorxo‘ja Shodmonovning “Ikki qutb orasida” kitobi “Yangi sahifa” nashriyotida chop etildi.
Har bir insonning o‘z hayot yo‘li, borar manzillari va yorqin xotiralari bo‘ladi. Shunday kasblar borki, masalan, elchilik faoliyati nihoyatda sharafli, lekin juda mas’uliyatli kasblardan biri hisoblanadi.
Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida 2005-2009-yillarda Bosh konsul, 2012-2021-yillarda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi sifatida sermahsul ishlagan ushbu kitob muallifi o‘zining murakkab missiyasi haqida yozgan asari ham tarixiy, ham ilmiy va ham badiiy jihatdan behad qimmatli manbaadir. Chunki so‘nggi yillarda faqat O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsuli bo‘lib ishlagan Abror G‘ulomovning ana shunday avtobiografik kitoblari chop etilib, xalqimizga armug‘on qilinganiga guvoh bo‘lgan edik.
Men Yodgorxo‘ja Shodmonov haqida “Jahon” axborot agentligida ishlab yurgan kezlarimda hamkasblar va ustozlarimizdan ko‘p bor ijobiy fikrlar eshitgan edim. 1961-yil 11-aprelda tug‘ilgan Yodgorxo‘ja aka 1985-1992-yillarda O‘zbekiston Respublikasining yoshlar tashkilotlarida ishlagan, keyinchalik, Toshkent davlat texnika universiteti prorektori lavozimida, 1992-1994-yillarda Toshkent shahridagi “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimining o‘rinbosari lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan.
1999-2000-yillarda Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik servis xizmati kotibiyati mudiri, 2000-2005-yillarda Kadrlar va o‘quv muassasalari boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, keyinchalik boshlig‘i, Afg‘onistondagi Bosh konsullikdan qaytgach esa 2010-2012-yillarda Konsullik boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida sidqidildan xizmat qildi. Juda ko‘p insonga qo‘lidan kelgan yordamini ayamagan, jonajon yurtimiz uchun chin fidoyilik bilan bor kuch-g‘ayratini safarbar etgan kamtarin, olijanob va malakali diplomatdir. Shu bois bu mehnatlari Davlatimiz Rahbari tomonidan e’tirof etilib, 2022-yilda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani ham bejiz emas edi albatta.
Qiziqarli tarzda yozilgan kitobni bir nafasda o‘qir ekansiz, elchilik davri tom ma’noda Yodgorxo‘ja Shodmonov uchun hayotidagi eng sinovli va mazmunli yo‘llar bo‘lganiga amin bo‘lasiz.

“Bu yillar davomida men nafaqat xizmat burchimni ado etdim, balki dunyoqarashimni kengaytirdim, inson qiymatini, tinchlik qadrini va mehr-oqibatning beqiyos kuchini yanada teranroq his etdim. Bu yurtda vaqt bilan yuzma-yuz turib zamon va hayot ziddiyatlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnash keldim, o‘zligimni teran angladim. Ana shu ikki qutb o‘rtasida kechgan hayot menga sabrning chegarasiz kuchini, do‘stlikning beqiyos qudratini, osoyishtalikning eng bebaho ne’mat ekanini chuqurroq anglatdi. Diplomatik xizmatning mashaqqati, kunu tun mas’uliyati, xavf-xatar va sinovlari mening irodamni chindan ham chiniqtirdi”, deb yozadi o‘sha mas’uliyatli yillarni shirin xotirlar ekan.
Kitobni mutolaa qilib umumiy tariximizning ajralmas bir bo‘lagi bo‘lgan qo‘shni Afg‘oniston bizga yondosh qo‘shni davlat bo‘lishiga qaramay, uning ichini bilish darajamiz, bu yerdagi kechayotgan qizg‘in voqealardan xabardorligimiz, murakkab siyosiy-harbiy jarayonlaridan ancha yiroq ekanimizni anglash qiyin emas.
Uzoq yillardan buyon dunyoni larzaga solayotgan, salkam yarim asrdan buyon tinchlik nimaligini bilmay kelayotgan bu mamlakat odamlarining yuksak g‘ururiga, samimiyligi va mehmondo‘stligiga yaqqol amin bo‘lasiz. Shodlik birdan dard bilan, tuganmas xavf-xatar va noaniqliklar jafokash xalqning ushalmay kelayotgan orzu-umidlari bilan uyg‘unlashib ketadi.
Muallif Afg‘onistonning o‘zi yurgan, ko‘rgan har bir hududi – Balx, Jauzjon, Samangon, Faryob, Qunduz, Sari-Pul, Hirot viloyatlari, shuningdek, Kobul, Mozori Sharif, Shibirg‘on, Andxo‘y, Aybak, Toshqo‘rg‘on, G‘azni shaharlari haqida mufassal bayon etgan manzaralar, hayajonli voqealar, keltirilgan tarixiy misollar beixtiyor qalbingizga ko‘chib o‘tadi.
Misol uchun Mozori Sharifdagi konsullik davrining yorqin lahzalarini dilbar xotirlaydi: “O‘sha fayzli kunning ajib shukuhli va yorug‘ xotirasi yuragimda o‘chmas sahifa bo‘lib abadiy muhrlangan. Mozori Sharifning hayotbaxsh muhiti meni darhol o‘ziga jalb etib oldi. Shahar aholisining mehnatkashligi, mehmondo‘stligi va samimiy muomalasi har bir uchrashuv va muloqotda yaqqol sezilib turar edi. Ular bilan qurgan suhbatlarim orqali hayotning mazmun-mohiyati, insoniy qadriyatlarning so‘nmas ahamiyati va o‘zaro hurmatning naqadar muhim fazilat ekani chuqurroq anglandim. Bu yurtga chetdan kelgan inson sifatida Mozori Sharif aholisiga, bu ko‘hna shaharga bo‘lgan hurmatim, qilayotgan ishimga nisbatan g‘urur va faxr tuyg‘usi kun sayin oshib borar edi”.
Afg‘oniston siyosiy-ijtimoiy hayotiga ta’sir qilgan 100ga yaqin yetakchilar, nufuzli shaxslar, qo‘mondonlar va mahalliy shaxslar haqida katta hajmdagi ma’lumotlarni, ularning siyosiy tiynati va salohiyatini chuqur ochib beradi, voqealar rivoji aniq va xolis tarixiy silsila tizimida ochib beriladi.
Yurtni kezar ekan, zahmatkash afg‘on xalqining buyuk tiynatini go‘zal tilda bayon etadi, dehqonning qalbiga quloq soladi: “Yo‘lda davom etar ekanmiz, chap tomonda qish kunlari bo‘lishiga qaramay, dalalarda og‘ir mehnat qilayotgan dehqonlarga ko‘zim tushdi. Yerga egilib, bir parcha zamindan mo‘l rizq undirishga intilgan bu odamlar timsolida men afg‘on xalqining tabiatan mehnatkash va sabr-toqatli ekanini yana bir bor his qildim. Sharoiti qiyin, iqtisodiy ahvoli murakkab bo‘lishiga qaramasdan, ularning yerga bo‘lgan mehri va kasbiga muhabbatini ko‘rib, menda alohida ehtirom uyg‘otdi.
Turli taloto‘plar, jangu jadallar, siyosiy beqarorlik va turmush qiyinchiliklariga qaramay, afg‘on dehqoni o‘z kunini ko‘rish, farzandlarining rizqini topish uchun matonat bilan mehnat qilishiga guvoh bo‘ldim. Ularning hayotidagi asosiy tayanch – sabr, mehnat va umid. Ana shu fazilatlar afg‘on jamiyatining ichki qudratini, uning bardoshi va yashovchanligini ta’minlab kelmoqda”.
Taqdir taqozosi bilan muallif Afg‘oniston Islom Respublikasining ikki prezidenti boshqaruvi davrida ham, “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritgan kunlarda ham o‘z burchi va ishiga katta sadoqat bilan yondashib, xizmatini to‘kis ado etdi.
Shunday kunlarning birida Yodgorxo‘ja aka elchixona yaqinida ro‘y bergan mudhish terrorchilik harakati tufayli og‘ir jarohat olib, bir necha oy tibbiy muolajalarni boshidan o‘tkazdi. Lekin ortga chekinmasdan, chin fidoyilik va mardlik bilan ishini davom ettirdi.
Yodgorxo‘ja aka timsolida elchilik naqadar murakkab kasb ekanligiga, o‘zi borgan davlatdagi hayot talablari, real voqelikka moslashishi zarurligiga, har qanday sharoitda ham, eng avvalo, o‘z davlati va xalqining manfaatlarini ilgari surishi, o‘zbek millatiga mansub vatandoshlarni himoya qilishni muqaddas burchi, deb bilishiga iqror bo‘lamiz.
Muallif keyingi boblarda Afg‘oniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali va uzoq muddatli aloqalarning kompleks dinamikasini tadqiq qiladi. Ayniqsa, 2016-yildan buyon muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan, ochiqlik, tinchliksevarlik, konstruktiv muloqot va tashabbuskorlikka asoslangan pragmatik tashqi siyosat mazmunini batafsil yoritib bergan. Mahoratli elchi o‘z shaxsiy tajribasini, xalqlarimiz o‘rtasidagi birodarlik va do‘stlik munosabatlarining asl mag‘zini o‘quvchiga yetkazishga intiladi.
Bir necha qismlarga bo‘lib chiqilgan kitob shunchaki ko‘z bilan ko‘rilgan tasvirlar yoki voqelarning jonsiz tizilmasi emas, balki elchining kundalik murakkab yo‘li, maqsad sari qat’iy sa’y-harakatlari ifodasi, o‘z ko‘ngil xilqatlaridan o‘tkazgan, qalbini kuchli iztirob va hayratga solgan kechinmalarning tugal in’ikosi hamdir.
Shu bois ham ko‘pdan buyon kechayotgan Afg‘oniston jamiyati ichidagi kuchli tarqoqlik, etnik guruhlarning tuganmas ziddiyatlari, hokimiyat uchun keskin kurashlar, ayollar va kam sonli millatlar huquq va manfaatlarining tobora cheklanib borayotgani, no‘noq arboblarning mamlakat boshqaruviga ko‘rsatayotgan salbiy ta’siri har bir hurfikrli insonni teran mushohada yuritishga chorlaydi.
O‘zbek diplomatiyasining eng yaxshi an’analarini mujassam eta olgan, mohir elchining falsafiy kundaligi deyish mumkin bo‘lgan, har bir mavzu alohida fotolar bilan boyitib borilgan “Ikki qutb orasida” asari nafaqat milliy diplomatiyamiz amaliyotchilari, balki afg‘onshunoslar, mintaqashunoslikka qiziquvchi har bir talaba va murabbiylar uchun, shuningdek, ilmiy tadqiqotchilar, umuman olganda, keng o‘quvchilar ommasi uchun mo‘ljallangani bilan ahamiyatlidir.
Laziz Rahmatov,
Siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi