“Globus” loyihasida mamlakatimizning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov mulohazalari taqdim etiladi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘zaro qo‘shma korxonalar soni 5 barobar oshdi. Ayni payt yurtimizda Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 540 kompaniya ro‘yxatdan o‘tgan, qardosh o‘lkada esa 70 ga yaqin korxonamiz faoliyat yuritmoqda.
To‘plangan tajribaga asosida Ozarbayjonda avtomobilsozlik sohasida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, to‘qimachilik va ipak qurti klasterlari tashkil etilmoqda. O‘zbekistonda esa ikki tomonlama hamkorlik doirasida gipsokarton va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi besh yilda mamlakatlarimiz o‘rtasida tovar ayirboshlash qiymati uch barobar oshib, 255 million dollarga yetdi. Maqsad – bu ko‘rsatkichni bir milliard dollarga chiqarish.
O‘tgan yil Toshkent va Boku hamkorlikning 20 yo‘nalishi bo‘yicha kelishib oldi. Jumladan, birgalikda “yashil” energiya ishlab chiqarish va Ozarbayjon orqali Yevropaga eksport qilish.
Bundan tashqari iqtisodiy taraqqiyotning strategik omili sifatida ko‘riladigan transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish kun tartibidan muqim o‘rin egallagan.
O‘tgan yil avgust oyida davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Ittifoqchilik munosabati to‘g‘risidagi shartnoma O‘zbekiston va Ozarbayjon sherikligini yanada mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Tarixiy xususiyatga ega mazkur hujjat nafaqat Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo, balki butun Yevrosiyodagi jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi davlatlararo hamkorlikning yangi bosqichini ifodalaydi.
Davlatlarimiz BMT, Qo‘shilmaslik harakati, Turkiy davlatlar tashkiloti, MDH, IHT (Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti) kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarda bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda. So‘nggi uch yil ichida davlat rahbarlari o‘zaro besh marta tashrif amalga oshirgani siyosiy muloqotning misli ko‘rilmagan jadalligidan dalolat.
O‘zbekiston va Ozarbayjon tomonidan Iqtisodiy hamkorlik yili sifatida e’lon qilingan 2025 yil ikki tomonlama diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanmoqda. Mazkur tarixiy sana munosabati bilan ko‘plab tadbirlar, jumladan oliy darajadagi tashriflar va boshqa muhim tashabbuslar tayyorlanmoqda. Ayniqsa gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida ahamiyat beramiz. Masalan, ikki mamlakatda ham buyuk shoir Nizomiy Ganjaviy tavalludining 880 yilligi keng nishonlanadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA