El tinchligi yo‘lidagi xizmatlar e’tirofi
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tashkil etilganining 35 yilligi hamda 25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Chilonzor tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tuman hokimi Hayot Inog‘omov, hokimlik mutasaddilari, tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbariyati, soha xodimlari va faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan tuman hokimi H. Inog‘omov ichki ishlar organlari xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabriklab, ularning jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish hamda mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
Ta’kidlanganidek, xalq osoyishtaligi va qonun ustuvorligini ta’minlashda ichki ishlar organlari xodimlarining mas’uliyati katta. Ayniqsa, aholi bilan yaqin hamkorlikda ishlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish soha vakillarining muhim vazifalaridandir.
Bayram tadbirida o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajarib, jamoat xavfsizligini ta’minlashda faollik ko‘rsatayotgan bir guruh ilg‘or xodimlar munosib taqdirlandi. Ularga Chilonzor tumani hokimining «Tashakkurnoma»lari hamda «Vatan» jamoat fondining «Fidokorona mehnati uchun» esdalik nishonlari topshirildi. Esdalik nishonlarini fond bo‘lim boshlig‘i Botir Sodiqov tantanali ravishda taqdim etdi.
Tadbir davomida soha faxriylariga ham hurmat-ehtirom ko‘rsatilib, ularning ko‘p yillik fidokorona mehnati va yosh xodimlarga ibrat bo‘layotgan hayotiy tajribasi e’tirof etildi.
[gallery-32232]
Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi bayramga yanada fayz bag‘ishlab, yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA