El sevgan san’atkorlar Farg‘onada
O‘zbek milliy akademik drama teatri ijodiy jamoasi Farg‘ona viloyatida bo‘lib, ular ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
So‘x tumani bugun ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan. Odamlarning turmush darajasi yaxshilanib, ongi tafakkurida ham o‘zgarishlar ro‘y bermoqda.
O‘zbek milliy akademik drama teatri direktori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa’diyev boshchiligidagi bir guruh san’at arboblari mazkur tumanda bo‘ldi.
Tuman madaniyat markazida bo‘lib o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda so‘z olgan san’atkorlar So‘x tumani, uning xalqi va Prezidentimiz tomonidan ushbu so‘lim go‘shaga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi.

Tadbir davomida qo‘shiqlar ijro etildi, spektakllardan bir nechta sahnalarni namoyish etdilar, dramatik asarlar qahramonlarining monologlarini aytib berishdi.
Samimiy tilaklar, turli chiqishlar, diltortar taronalarga boy bo‘lgan kechada barchada katta tassurot qoldirdi.
San’atkorlar yangi bunyod etilgan Alisher Navoiy nomidagi yoshlar ilmiy-ijodiy markazi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda iste’dodli yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqot shukuhli kechdi.
- So‘xning o‘ziga xos ob-havosi va so‘lim tabiati kishini o‘ziga rom etmasdan qolmaydi,-dedi O‘zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov.-Bu zebolik har bir ijodkor uchun chinakam ijod manbai va ilhom sarchashmasidir.
M. Sulaymonov, O‘zA