El-Nino fenomeni ehtimoli 90 foiz ortgan
Yaqinda AQSH ekologiya-prognozlashtirish milliy markazi 3 iyulni sayyoramiz harorati kuzatuvi tarixidagi eng issiq kun sifatida qayd etdi. Meteorologlar ta’kidlashicha, kuzatuv boshlangan 1979 yildan buyon bunday holat yuz bermagan. Ushbu rekord o‘rnatilishi sabablaridan biri “El-Nino” atamasi bilan mashhur iqlim fenomeni ekani aytilmoqda.
El-Nino Tinch okeanning ekvator qismi suvi yuza qatlami harorati tebranishini bilan bog‘liq hodisa. Kuni kecha BMT “El-Nino” tabiat fenomeni namoyon bo‘lishi ehtimoli 90 foiz ortgani haqida xabar tarqatdi.
Umuman, hozir olimlar halokatli yomg‘irlar, dovullar mavsumi boshlanishi yoki kuchli tropik siklon kelishini aniq bashorat qilishi mumkin, ammo El Nino qachon kuzatilishini hech kim aniq ayta olmaydi. Keng qamrovli tadqiqotlar, uzoq muddatli kuzatuvlarga qaramay, ushbu halokatli tabiat hodisasi hali to‘liq o‘rganilmagan.
Tinch okeandagi ekvator oqimi isishi tabiiy hodisasi – El-Nino, deb ataladigan hodisa 2023 yilning ikkinchi yarmida 90 foiz ehtimol bilan yetti yil ichida ilk bor shakllanadi. Ushbu prognoz seshanba kuni Jenevada BMTning ixtisoslashgan muassasasi – Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) tomonidan ma’lum qilindi.
“Tinch okeanning tropik qismida yetti yil ichida birinchi marta El-Nino sharoiti yuzaga chiqdi, bu yuqori harorat, noqulay ob-havo va iqlim uchun zamin yaratadi”, deyiladi JMT hisobotida. Hujjatda ta’kidlanishicha, mazkur fenomen ikkinchi yarim yillikda davom etishi ehtimoli 90 foiz. Mutaxassislar ushbu holat, hech bo‘lmaganda, o‘rtacha kuch bilan namoyon bo‘lishiga umid bildirmoqda.
El-Nino o‘rtacha har ikki-yetti yilda sodir bo‘ladigan, odatda 9-12 oy davom etadigan tabiat hodisasi bo‘lib, Tinch okeanning markaziy va sharqiy tropik hududlarida okean yuzasi harorati tebranishi, aniqrog‘i ko‘tarilishi bilan bog‘liq.
Jahon meteorologiya tashkiloti tomonidan 3may kuni e’lon qilingan ma’ruzada El-Nino 80 foiz ehtimol bilan 2023 yil ikkinchi yarmida La-Ninyaga teskari tarzda yuz berishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.

“El-Nino” boshlanishi harorat rekordini buzish ehtimolini sezilarli darajada oshiradi va dunyoning ko‘plab mintaqalarida, okeanlarda haddan tashqari issiqlik hosil qiladi”, deydi JMT bosh kotibi Petteri Taalas.
JMT El-Nino yaqinlashayotgani haqida xabar berishi dunyo hukumatlarini hushyorlikka chorlaydi, ushbu hodisaning insoniyat salomatligiga, iqtisodiyotiga, ekologiya tizimiga keltiradigan zarari oldini olish uchun tayyorgarlik chora-tadbirlarini ko‘rib qo‘yishga chaqiruvchi signal hisoblanadi. Zero, ушbu yirik iqlim hodisasi bilan bog‘liq ekstremal ob-havo oqibatidan erta ogohlantirish va shu yo‘lda faol harakat olib borish hayot va tirikchilik vositalarini saqlab qolish uchun juda muhim, deydi professor Taalas.

El-Nino ispancha“o‘g‘il bola”, La-Ninya esa “qiz bola” degani.
El-Nino ro‘y berganda Tinch okeanning ekvator qismi odatdagidan 3 daraja isiydi. La Ninya esa shunga qarama-qarshi jarayon bo‘lib, ekvator qismida harorat odatdagidan sovishi orqali namoyon bo‘ladi.
Aslida bu ikki hodisa qarama-qarshi ta’sirga ega va bir-birini muvozanatlb turishi kerak. Binobarin, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit ifloslanishi, ekologiya buzilishi tufayli so‘nggi yillarda tez-tez bir hodisa ikkinchisidan ustunlik qila boshladi. Ya’ni, El Nino tabiiy ravishda La Ninyaga o‘rnini bo‘shatib beradi yoki aksincha.
El-Nino hodisasi odatda Janubiy Amerika janubida, Amerika Qo‘shma Shtatlari janubida, Afrika shoxida va Markaziy Osiyoda yog‘ingarchilik ko‘payishiga olib keladi.
“Shu bilan birga, mazkur tabiiy fenomen Avstraliya, Indoneziya, Janubiy Osiyoning bir qismi, Markaziy Amerika va Janubiy Amerika shimolida kuchli qurg‘oqchilikka sabab bo‘lishi ham mumkin”, – deydi iqlimshunoslar.
S.Rahimov,
O‘zA