EL BOSHIGA ISH TUSHGANDA
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida joylashgan mamlakatimizning yirik tekstil korxonalaridan biri – Uztex Uchkurgan qoʻshma korxonasida koronavirus pandemiyasi bogʻliq karantin sharoitida ham ishlab chiqarish avvalgi maromda davom etmoqda.
Uztex Uchkurgan: ishlab chiqarish davom etmoqda
Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumanida joylashgan mamlakatimizning yirik tekstil korxonalaridan biri – Uztex Uchkurgan qoʻshma korxonasida koronavirus pandemiyasi bogʻliq karantin sharoitida ham ishlab chiqarish avvalgi maromda davom etmoqda.
Mahsulotlarining asosiy qismi eskportga yoʻnaltirilgan zamonaviy tipdagi ushbu toʻqimachilik majmuasida bugungi kunda sanitariya-gigiyena, shaxsiy va jamoat sogʻligi va xavfsizligi qoidalariga mukammal rioya qilingan holda ish tashkil qilingan.
Xodimlar ish joyiga kirishdan avval maxsus sanitariya-dezinfeksiya xonasidan oʻtishadi. Uzoq hududlardan qatnovchi xodimlar uchun korxonada yotoqxona tashkil etilgan. Qolganlarning esa ishga xavfsiz kelib ketishlari uchun dezinfeksiya jihozlarlari va uskunalari, himoya niqoblari bilan taʼminlangan maxsus avtobuslar ajratildi.
Pillakorlarning ahdi – qatʼiy
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Uchqoʻrgʻon tumanida pillachilik sohasida olib borilayotgan ishlar, xususan, inkubatsiya sexida ipak qurti urugʻi tarqatish jarayoni bilan tanishib, sohada karantin sharoiti munosabati bilan vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga eʼtibor qaratdi.
Barcha sohalar uchun maʼlum qiyinchiliklar tugʻdirgan koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq karantin choralariga qaramay azaldan pillachilikning hadisini olgan Uchqoʻrgʻon tumani pillakorlarining shahdi baland. Ayniqsa, har qanday illatlarning ildizi boʻlmish bekorchilik kayfiyatiga tushib qolmaslik, oilaviy bandlikni taʼminlash hamda roʻzgʻorga qoʻshimcha daromad qilish uchun ham bu yil inkubatsiyaga ipak qurti urugʻi olish kelayotganlar koʻpligi koʻzga tashlandi.
Oʻtgan yili Uchqoʻrgʻon tumanida 143 tonnadan ortiq pilla yetishtirilgan boʻlsa, bu yil 3000 qutidan ortiq ipak qurti urugʻi tarqatilib, 167 tonnadan ziyod pilla terish koʻzda tutilgan. Klasterlar tomonidan har bir quti urugʻ uchun avans tariqasida 25 kilogram un hamda 5 kilogrammdan yogʻ tarqatib, pillakorlar mehnati oldindan ragʻbatlantirilmoqda.
Harakatda - barokot
Tumanidagi “Islomjon Ibrohimjon” fermer xoʻjaligi 2018-yilda tashkil etilganda, fermer xoʻjaligi dalasi chetidagi tashlandiq yerni oʻzlashtirib, issiqxona barpo etish rejasi tugʻildi. Qisqa davr ichida ana shu joyda pomidor va qulupnay gurkirab oʻsayotgan zamonaviy issiqhona barpo boʻldi. Yerdan unumli foydalanishni koʻzlab, xayrli ishga qoʻl urgan fermerning saʼy-harakati oʻz samarasini berib, ushbu issiqxonadan yilliga 250 million soʻmgacha daromad olmoqda.
Antiseptik vositalar va namli salfetkalar ishlab chiqarilmoqda
Uchqoʻrgʻon shahridagi namli salfetkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Dafna-M” korxonasida koronavirus pandemiyasi davrida antiseptik vositalar ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyildi. Korxona oyiga 1 milliard 300 million soʻmlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Uchqoʻrgʻonda qulupnay pishdi!
Koronavirus pandemiyasi davrida mamlakatimizda qabul qilingan cheklovlar va chora-tadbirlardan kelib chiqqan holda “uyda oʻtiring” chaqirigʻiga toʻla amal qilayotgan Namangan viloyati aholisi, bahorgi dala ishlarini, tomorqada meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirishni bir zumga ham susaytirgani yoʻq.
Buni Uchqoʻrgʻon tumani dehqonlari, tomorqa yer egalari faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. Ayni kunlarda tumandagi 750 gektardan ziyod tomorqa maydonining 500 gektarida qulupnay yetishtirilmoqda. Uchqoʻrgʻon qulupnayining dastlabki hosili bugun bozor rastasiga qoʻyildi.
Bundan tashqari qulupnay qator oralariga sarimsoq, kartoshka, piyoz ham ekilgani, uchqoʻrgʻonlik mirishkorlarning tomorqadan daromad olishning hadisini olganligidan yana bir dalolat beradi.