El boshiga ish tushganda
Shahar hokimi, 1-sektor rahbari Hamidjon Habibidinov ham fuqarolar xonadonida boʻldi.
Sektor rahbarlari aholi bilan hamdard
Bugun kam taʼminlangan oilalarni yoʻqlab, holidan xabar olish, ularga yordam koʻrsatishning ahamiyati har doimgidan ham muhimligini hammamiz koʻrib, bilib turibmiz. Bunday xayrli va ezgu ishlar butun dunyoga tashvish keltirgan koronavirus pandemiyasiga qarshi birdamlikda kurashishning ajralmas qismidir.
Bugun erta tongdan Fargʻona shahar toʻrtta sektor rahbarlari tomonidan shahar dehqon bozorida 300 ga yaqin xonadonga kerakli boʻlgan goʻsht, yogʻ, kartoshka, un, tuxum, piyoz, non kabi asosiy isteʼmol mahsulotlarini jamlab, mahallalardagi kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga tarqatildi.
Shahar hokimi, 1-sektor rahbari Hamidjon Habibidinov ham fuqarolar xonadonida boʻldi.
– Bugunning oʻzida 1-sektor hududidagi 71 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar holidan xabar olindi, – deydi H.Habibidinov. – Ularga oziq-ovqat mahsulotlari berish bilan birga, karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish koronavirusni yengishda muhim ahamiyat kasb etishi borasida tushuntirishlar berildi.
Shahar prokurori A.Mamataliyev boshchiligida 2-sektor aʼzolari hududdagi mahallalarda yashayotgan kam taʼminlangan 68 ta oilada boʻlib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga, himoya niqobi va antiseptik vositalar tarqatdi.
Kun davomida 3-, 4-sektor rahbarlari ham ushbu savob ishlarni davom ettirdi.