El boshiga ish tushganda
Andijon viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasining Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tomonidan 5 ming 578 ta murojaat qabul qilinib, roʻyxatga olindi.
4 mingdan ziyod oilaga yordam koʻrsatildi
Andijon viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasining Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tomonidan 5 ming 578 ta murojaat qabul qilinib, roʻyxatga olindi.
Murojaatlar Markaz hamda uning tuman, shahar boʻlimlari tomonidan oʻrganib chiqilib, 4 ming 374 ehtiyojmand oila, yolgʻiz yashovchi keksalar va aholining yordamga muhtoj boshqa qatlamlari vakillariga xayriya mahsulotlari yetkazib berildi.
Homiylar tomonidan taqdim etilayotgan oziq-ovqat va boshqa xayriya mahsulotlarining sanitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi mutaxassislar tomonidan tegishli tartibda koʻrikdan oʻtkazilib, karantin talablariga qatʼiy rioya etilgan holda maxsus kiyim-bosh va himoya niqoblari bilan taʼminlangan koʻngillilar orqali ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilmoqda.
- Markazning viloyat va mahalliy boʻlimlarida faol yoshlardan iborat 262 nafar koʻngilli volontyorlar faoliyat olib bormoqda, — deydi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi Oybek Yuldashev. — Ular faoliyati jarayonida karantin hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha belgilangan barcha tartib-qoidalarga qatʼiy amal qilmoqda.
Shu kunga qadar Markazga homiy tashkilotlar, saxovatpesha insonlar tomonidan taqdim etilgan 133 million soʻmdan ziyod miqdordagi oziq-ovqat va boshqa mahsulotlar hamda “Oʻzbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondi orqali olingan 253 million soʻm xayriya mablagʻlari nogiron, yolgʻiz yashovchi fuqarolar hamda ehtiyojmand oilalarga yetkazib berildi.
– Ikki nafar farzandim bor, oilamiz kam taʼminlangan oilalar roʻyxatida turadi, — deydi Andijon tumanidagi Katta guzar mahallasida yashovchi uy bekasi Madina Sarimsoqova. – Farzandlarimni yolgʻiz tarbiyalayman, karantin tufayli tirikchilikda biroz qiynalib qolgandik. Shu sabab “1197” qisqa raqamli telefon orqali markazga murojaat qilib, oziq-ovqatdan yordam soʻragan edim. Markaz, mahalla mutasaddilariga rahmat, murojaatimdan soʻng uyimizga oziq-ovqat mahsulotlari olib kelib berishdi. Qiyin sharoitda ehtiyojmand oilalarga koʻmak berilayotganidan behad xursandman.
Karantin sharoiti, yaʼni xalqimiz uchun ogʻir sinov davri boʻlgan ushbu kunlarda odamlar koriga yarash, ularga yordam qoʻlini choʻzish maqsadida olib borilayotgan bu kabi xayrli ishlar davom etmoqda.