Eksportchi korxonalarga bojxona imtiyozlari
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan xorijiy investitsiya loyihalarini o‘zlashtirish holati, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirilgan tovarlarni eksportga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda import qilingan asbob-uskunalarni ishga tushirish yo‘nalishlaridagi masalalar joylarga chiqqan holda o‘rganildi.
Mas’ullar Ellikqal’a tumanida joylashgan bir qator tadbirkorlik sub’ektlari, xususan “Ellikqal’a oltin tolasi klasteri”, “Bo‘ston Denim”, “Bo‘ston klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari korxonalarida bo‘lishdi. Ushbu korxonalar faoliyati yirik xorijiy investitsiyalar jalb etilgan holda ishga tushirilgan.

“Ellikqal’a oltin tolasi klasteri” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasiga 17,5 milliard so‘m xorijiy investitsiya jalb etilishi natijasida 250 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Hozirda ushbu korxona ishga tushirilgan bo‘lib, yiliga 5 million AQSH dollari qiymatidagi tayyor tekstil mahsulotini eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur hududda joylashgan ““Bo‘ston Denim” mas’uliyati cheklangan jamiyati korxonasi tomonidan hozirgi kunda tayyor tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarib, 2 million 300 ming AQSH dollari qiymatidagi 1 ming 18 tonna mahsulot eksportga yo‘naltirilgan.

Shuningdek, “Bo‘ston klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati ushbu tumanda joylashgan bo‘lib, hozirda tayyor matolarga rang berish bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Tadbirkorlarga olib kelinayotgan xomashyolarni “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimiga joylashtirish tavsiya etilib, uning imkoniyatlaridan foydalanish afzalliklari batafsil tushuntirildi.
Bunda olib kirilgan bo‘yoq va shunga o‘xshash xomashyolarni qayta ishlash natijasida olingan tovarlarning eksporti amalga oshirilganda, ular bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi aytib o‘tildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri