Eksport uchun to‘qimachilik mahsulotlariga bojxona boji stavkalari pasaytirildi
Bu haqda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qildi. Unda qayd etilishicha, mahalliy to‘qimachilik sanoati korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlaridagi ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish maqsadida eksport qilinadigan to‘qimachilik mahsulotlari uchun bojxona boji stavkalari pasaytirilgan.
Hukumatning tegishli topshirig‘iga muvofiq, yangi stavkalar 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi.
Jumladan, Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasining (TIF TN) 6006 21 000 0 pozitsiyasida tasniflanuvchi oq rangga bo‘yalgan matolar eksport bojxona rejimida rasmiylashtirilganda bojxona boji 0 foiz miqdorida qo‘llaniladi.
Shuningdek, TIF TNning 5202 pozitsiyasida tasniflanuvchi paxta tolasi chiqindilarini eksport qilishda bojxona boji stavkasi 5 foiz etib belgilandi.
Eksportda pasaytirilgan bojxona boji stavkasini qo‘llash uchun mahsulotni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida uning TIF TN bo‘yicha 6006 21 000 0 kodida tasniflanishiga doir Yengil sanoat agentligining tegishli xulosasi taqdim etilishi talab etiladi.
Mazkur chora-tadbirlar mahalliy yengil sanoat korxonalarining eksport imkoniyatlarini kengaytirish, tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish hamda xalqaro yetkazib berish zanjirlaridagi ishtirokini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA