Eksport shartnomalari imzolandi
Mamlakatimiz tadbirkorlari Germaniya poytaxti Berlin shahrida o‘tkazilayotgan “Yashil hafta – 2017” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro yarmarkasida o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.
Mamlakatimiz tadbirkorlari Germaniya poytaxti Berlin shahrida o‘tkazilayotgan “Yashil hafta – 2017” qishloq xo‘jaligi mahsulotlari xalqaro yarmarkasida o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan ishtirok etmoqda.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlarga yanada keng yo‘l ochdi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tadbirkorlarimiz chet ellarda o‘tkazilayotgan yirik xalqaro yarmarkalar, biznes-forum va kooperatsion birjalarda ishtirok etib, mahsulot va xizmatlarini sotmoqda.
“Yashil hafta – 2017” qishloq xo‘jaligi sohasidagi yirik xalqaro yarmarkalardan biridir. Unda 66 mamlakatdan 1 ming 650 firma va kompaniya ishtirok etmoqda. Mazkur forumda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etilayotir.
O‘zbekiston bu borada ulkan salohiyatga ega. Mamlakatimiz o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Bugungi kunda 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinayotir. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, tadbirkorlarimiz mazkur xalqaro forumda 23-yanvargacha Germaniya, Avstriya, Turkiya kabi davlatlarning firma va kompaniyalari bilan jami 11,8 million dollarlik eksport shartnomalari imzolagan.
O‘zbekiston kompaniyalari xalqaro yarmarka ishtirokchilari bilan o‘zaro aloqa o‘rnatish va hamkorlikni rivojlantirishga oid muzokaralar olib bormoqda. Tadbir qatnashchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatimizning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishmoqda.
Yarmarka doirasida Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi bilan Germaniya – O‘zbekiston savdo vakolatxonasi o‘rtasida Germaniyada mazkur jamg‘arma vakolatxonasini ochishga oid bitim imzolandi.
Xalqaro ko‘rgazma 29-yanvarga qadar davom etadi.