Eksport rejasi ortigʻi bilan bajarildi
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq hozirgi murakkab karantin sharoitida ham “Olmaliq kon-metallurgiya” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarish samaradorligiga erishildi.
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq hozirgi murakkab karantin sharoitida ham “Olmaliq kon-metallurgiya” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarish samaradorligiga erishildi.
Bu borada ayniqsa, ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportida ham salmoqli natijalar qayd etilganini alohida taʼkidlash joiz.
Jumladan, kombinatdan maʼlum qilinishicha, 2020-yilning yanvar-mart oylarida kombinat tomonidan 173 million 269 ming dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilinib, bu boradagi reja qariyb 120 foizga bajarilgan.
Eksport hajmini mahsulotlar kesimida olib qaraydigan boʻlsak, birinchi chorakda qariyb 21 ming tonna mis mahsulotlari xorijlik isteʼmolchilarga joʻnatilgan.
Yildan yilga jahon bozorida talabgir boʻlib borayotgan rux metalli mahsulotidan esa 19 ming 570 tonnasi eksportga yoʻnaltirilgan. Shu davrda ming tonnadan ortiq qurilish sohasida keng qoʻllanilayotgan portlandsement eksport qilingan.
Shuningdek joriy yilning birinchi choragi mobaynida 18 ming 610 tonna qoʻrgʻoshin konsentrati eksport qilinib, bu boradagi reja qariyb 358 foizga bajarilgan.
Ayni paytda kombinatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar asosan Turkiya, Ukraina, Rossiya Federatsiyasi, Afgʻoniston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Bolgariya, Niderlandiya, Xitoy, Polsha, Ozarboyjon davlatlariga eksport qilinmoqda.