Munosabat
So‘nggi besh yilda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligini isloh qilish, sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, investitsiyalarni jalb qilish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, qulay agrobiznes muhiti va yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, bozor mexanizmlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ishlab chiqildi.
Mazkur strategiyada belgilangan vazifalar o‘z vaqtida amaliyotga tatbiq etilayotgani qishloq xo‘jaligining barcha yo‘nalishlarida samaradorlikka erishish imkoni bermoqda. Misol uchun birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazildi. Shuningdek, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot – 3 barobarga ortdi, eksportni yil yakuniga qadar 3 milliard dollarga yetkazish maqsad qilinmoqda.
Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi rivoji aholi bandligini ta’minlash va bozorlarda narx-navo barqarorlashishida ham muhim rol o‘ynamoqda. O‘tgan besh yilda paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab olgan 2 milliard dollarlik 125 ta yangi korxonaning ishga tushirilishi natijasida 150 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etildi.
Ammo, jannatmonand yurtimizda yaratilgan imkoniyatlarga nisbatan qo‘lga kiritilgan natijalar hali beri bizni qanoatlantirmasligi kerak. Chunki, yurtimizning har bir qarich yeridan unumli foydalanish va uni asrab-avaylash borasida oldimizda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar talaygina. Shu bois, kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan qishloq xo‘jaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ham bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xususan, kelgusi besh yilda hosildorlik kamida 2 barobarga ko‘paytirilib, xomashyoni chuqur qayta ishlash natijasida soha eksporti hozirgi 3 milliard dollardan 7 milliard dollarga yetkaziladi. Shuningdek, klasterlarni paxta hosili uchun moliyalashtirish jarayoni amaldagi yanvar-fevral oyidan oktyabr oyiga ko‘chiriladi va ularga ajratiladigan kredit muddati 11 oylik imtiyozli davrdan 18 oylik imtiyozli davrga uzaytirilib, 24 oyga beriladi.
Bo‘yalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qo‘llab-quvvatlash uchun davlat tomonidan past stavkalarda 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi. Shunday tovarlarning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa to‘qimachilik korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 3 yil muddatga amaldagi 12 foiz o‘rniga 1 foiz qilib belgilanadi. Shuningdek, ularga mol-mulk solig‘ini 3 yilga kechiktirib to‘lash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi.
Shuningdek, yig‘ilishda meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari uchun ham qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish choralari muhokama qilinib, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablag‘ uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratilishi ma’lum qilindi. Sababi meva-sabzavotchilikning rivoji ham sohada aholi bandligini ta’minlab, fuqarolarning turmush farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutib kelmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish imkoniyati mavjudligi isbotlangan.
Shu sababdan kelgusi besh yilda aholi bandligini ta’minlash va yerdan samarali foydalanish maqsadida 200 ming gektar past hosilli paxta va g‘alla maydoni qisqartirilib, bu maydonlar aholiga tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi. Ushbu yerlar ajratib berilgan aholiga dehqonchilik sirlari o‘rgatiladi. Ularga o‘z tomorqalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 100 million so‘mgacha bo‘lgan loyihada “Har bir oila – tadbirkor” dasturi shartlari asosida kredit ajartiladi.
Qisqacha qilib aytganda, qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanilmagan imkoniyatlarning ishga solinishi Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda muhim rol o‘ynashi shubhasiz. Sababi, sohani har tomonlama rivojlantirish orqali millionlab yang ish o‘rinlari yaratilib, fuqarolarning turmush farovonligi, dasturxonlarimiz to‘kin-sochinligi ta’minlanadi. Eng muhimi, bugun butun dunyo uchun ulkan muammoga aylanib ulgurgan oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashda oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishiladi.
Mavluda ATHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.