Saxovatli Jizzax zaminida yetishtirilgan yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joriy yil may oyida xalqaro bozorlarga yetkazib berilishida “BMB Holding” tizimidagi korxonalar yuqori natijalarni ko‘rsatib, eksport hajmini o‘tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada oshirdi.
Karam, piyoz, sabzi, yong‘oq, quritilgan meva va sabzavotlar, dukkakli ekinlar hamda boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining may oyidagi asosiy xaridori Xitoy, Rossiya, Latviya hamda Qozog‘iston davlatlari ekanligini ham ta’kidlab o‘tish joiz.
Jizzax viloyatidagi zamonaviy qayta ishlash korxonalarida xalqaro standartlar asosida tayyorlangan, qadoqlanib quritilgan mosh va loviya mahsulotlarining katta turkumi may oyining birinchi o‘n kunligida Xitoy Xalq Respublikasiga jo‘natildi. Bu o‘z navbatida, O‘zbekistonda yetishtirilgan dukkakli mahsulotlarga xorijda talab yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Rossiya Federatsiyasi bozorlariga esa asosan yangi uzilgan gilos va o‘rik mevalarining yirik partiyasini yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Mahsulotlarning tez va sifatli yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida zamonaviy sovutkichli maxsus avtopoyezdlardan unumli foydalanilayotgani ham xorijlik xaridorlarning yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, “BMB Holding” Yevropa bozorlari bilan ham hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqib, yakuniga yetgan may oyi o‘rtalarida Latviya va Polsha davlatlariga karamning navbatdagi kattagina partiyasi eksport qilindi.

Kompaniya tomonidan joriy yil yakuniga qadar eksport geografiyasi yanada kengaytirilib, xususan, Janubiy – Sharqiy Osiyo va Yaqin Sharq mamlakatlari bilan ham savdo aloqalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri