Ekspertlar guruhi imzo varaqalarini tekshirmoqda
Ekspertlar guruhi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda davom etmoqda.
“Saylov - 2019”
Ekspertlar guruhi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda davom etmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ekspertlar guruhlari tarkibi - Markaziy saylov komissiyasi, Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi, “Nuroniy” jamg‘armasi, X.Sulaymonova nomli Respublika sud ekspertizasi markazi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan iborat.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o‘n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo‘ygan saylovchilar to‘g‘risidagi tegishli ma’lumotlar tekshirilishi lozim.
Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo‘llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma’muriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.
Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.
Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan ko‘prog‘ini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.
Agar qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz bo‘lib chiqsa, mazkur imzo varaqalari to‘lig‘icha haqiqiy emas, deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.