Ekspertlar aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda
Andijon shahrida issiqlik tarmog‘ini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 12 apreldagi “Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent (TS-8) shaharlarida markazlashtirilgavn issiqlik ta’minoti tizimini rekonstruksiya qilish va energiya samaradorligini oshirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2019-2023 yillar mobaynida “Jahon banki”ning mablag‘lari evaziga Andijon shahridagi RK-2 Markaziy qozonxonasi rekonstruksiya qilinib, shaharning 1-, 2-, 3-, 4- va 5-kichik dahalari, shuningdek, Mashrab ko‘chasidagi, jami 271 ta ko‘p qavatli uyga va 32 ta ijtimoiy soha ob’ektiga issiqlik energiyasi hamda issiq suv yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
bugungi kunda mazkur loyiha doirasida ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, «Kelajak sari rivoji» konsalting markazi ekspertlari tomonidan loyihani amalga oshirish yuzasidan Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Umumiy qiymati 220,7 million AQSH dollariga teng mazkur loyiha doirasida belgilangan hududlardagi markaziy qozonxonalar, issiqlik tizimlari va tarmoqlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi «Kommunxizmat» agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Andijon shahar “Issiqlik manbai” korxonasini modernizatsiya qilish, yangi, ilg‘or, energiyatejamkor texnologiyalar asosida issiqlik ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, isitish tizimi trubalarini ko‘p qavatli uylargacha bo‘lgan qismini yangisiga almashtirish, aholini issiqlik va issiq suv bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq qator ishlar amalga oshiriladi. Loyihaning amalga oshirilishi, ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholiga qulayliklar yaratish bilan birga, uylarni isitishga sarflanayotgan elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash, ana shu maqsad uchun aholi tomonidan sarflanayotgan mablag‘ni kamaytirish imkonini beradi.
– Andijon shahridagi ko‘p qavatli uylar markazlashgan holda issiqlik hamda issiq suv bilan ta’minlanmay qo‘yilganiga ko‘p yillar bo‘ldi, – deydi Andijon shahridagi “Barkamol” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Tabassumxon Isroilova. – Loyiha amalga oshirilib uylarni issiqlik va issiq suv bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsa, aholiga katta qulaylik yaratiladi. Eng asosiysi, xavsiz, arzon, qulay isitish tizimdan foydalanish odamlarning og‘irini yengil qiladi.
Ko‘p qavatli uyllarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar rahbarlari, mahalla faollari, faxriylar ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda mutaxassislar loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar, loyihaning ahamiyati, afzalliklari xususida keng tushuncha va ma’lumotlar berdi.
F.Ubaydullayev, O‘zA