Ekspertiza va patentlashga oid ilmiy-amaliy seminar
Guliston davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi bilan hamkorlikda “Ixtiro va foydali model talabnomasini tayyorlash, ish yuritish va ekspertiza jarayonini patentlashga oid turli savollar bo‘yicha asosiy tushunchalar va amaliy tavsiyalar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
Seminarda mazkur universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z. Zikriyayev, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi direktori B. Sagdullayev, bo‘limi boshliqlari S. Rahmonov, I. Abduqodirov, E. Nishonovlar kun tartibidagi mavzu yuzasidan ma’ruzalar qilishdi.

“Intellektual mulk markazi” markazini tashkil qilishdan asosiy maqsadlar, mamlakatning intellektual mulk sohasidagi salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, intellektual mulk sohasida mutaxassislar bilim darajasini va ularni tayyorlash samaradorligini oshirish, omma o‘rtasida intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish, ixtirochilik faoliyatini rag‘batlantirish hamda ilmiy-texnik ijod, ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalarini huquqiy muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish, foydali modelga va sanoat namunasiga patent berish haqidagi talabnoma shartlari, sanoat mulki ob’ekti ustuvorligi, patent olish huquqi patent berish haqidagi talabnomani Vazirlikka birinchi bo‘lib topshirgan shaxsga tegishli bo‘lishi, ixtironing va foydali modellarning patentga layoqatlilik shartlari, sanoat mulki ob’ektining huquq sub’ektlari, patent egasining sanoat mulki ob’ektidan foydalanish huquqi hamda patent egasi mutlaq huquqining buzilishi haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

– Seminarda mualliflik huquqi ob’ektlarini deponentlashda olib borilayotgan ishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 17 martdagi farmoniga muvofiq mualliflik huquqi ob’ektlarining elektron nazorat nusxalari majburiy tartibda mualliflik huquqi ob’ektlarining Yagona bazasida saqlanishi va boshqa dolzarb masalalar to‘g‘risida so‘z yuritildi, –deydi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi «Intellektual mulk markazi» davlat muassasasi direktori B.Sagdullayev. –O‘ylaymanki, seminarda muhokama qilingan masalalar nihoyatda foydali bo‘ldi.

Ilmiy-amaliy seminarda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri