Ish beruvchi tashkilot va xodim o‘rtasidagi huquqiy masalalar hamisha tomonlar uchun muhim sanaladi. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma’lumotiga tayangan holda ekspertlarga qilinadigan murojaatlardan biriga berilgan huquqiy javobga qiziqdik.
Savol:
– Xodim mehnat shartnomasini o‘z tashabbusi bilan bekor qilish to‘g‘risida ariza yozsa va ishga chiqmasa, bunday holatda qanday yo‘l tutiladi?
Muhammadamin Karimjonov, Toshkent davlat yuridik universiteti katta o‘qituvchisi: – Mehnat kodeksining 160-moddasiga koʻra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini oʻn toʻrt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Oʻz tashabbusiga koʻra bekor qilinganda ish beruvchini ogohlantirishning boshqa muddatlari ham belgilab qoʻyilgan.
E’tibor bering! Agar xodim uzrsiz sabablarga ko‘ra ishga chiqmasa, bu mehnat intizomini buzish sifatida baholanadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA