Taqdimot
Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida yosh iqtidorli rejissyor Hilola Abduqodirova tomonidan suratga olingan “Xono‘g‘lon” badiiy filmi premerasi bo‘lib o‘tdi.

Hilola Abduqodirova filmni suratga olishga kirishganida O‘zbekiston adabiyot va san’ati instituti Farg‘ona filiali ikkinchi bosqich talabasi edi. Filmning so‘nggi lavhalarini u oliy o‘quv yurtini tugatgan paytda tasvirga tushirdi. Ahamiyatlisi, bu orada filmda bosh qahramonlar, er-xotin rolini ijro etgan yosh san’atkorlar o‘rtasida sevgi-muhabbat rishtalari bog‘lanib, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tdi, farzandli ham bo‘lishdi.
– Hilolaxondan minnatdorman, taqdir ekan, uning asarida rol ijro etish asnosida umr yo‘ldoshimni topdim, – deydi Diyorbek Sattiyev. – Kinoda birinchi marta rol o‘ynashim, buning ustiga birdaniga bosh rol ijrosi yelkamga og‘ir yuk tashladi. Shu-shu ustozlar, tajribali san’atkorlarning beminnat ko‘maklari bois qahramon dunyosiga butun borlig‘im bilan sho‘ng‘ib ketdim.
–Men Sirdaryo viloyati xokimi Akmaljon Mahmudaliyevni ustoz sifatida qadrlayman, – deydi Hilola Abduqodirova. – Besh yil muqaddam Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumani hokimi vazifasida ishlagan payti Akmaljon aka mening kino olish bo‘yicha taklifimni qo‘llab-quvvatlagan, kino olish bilan bog‘liq shart-sharoitlarga ega bo‘lishimda beg‘araz yordam bergandi. Masalan, ko‘pkari sahnasi uchun milliy gvardiya otlaridan foydalanishimizda bevosita Akmaljon aka bosh-qosh bo‘lgan.

–Bir holatni aytmasam bo‘lmaydi, – deya yana suhbatimizga qo‘shildi Diyorbek Sattiyev. – Ko‘pkari sahnasini suratga olish payti shu yerda ekanligi aytilgan va bizga madadkor bo‘layotgan hokimni odamlar orasidan qidirdim. Qarasam, polvonlarga o‘xshab kiyinib olgan Akmaljon aka chavandozlar davrasida ot minib yurgan ekan...
Kino olishning o‘ziga yarasha past-balandliklari, o‘ziga yarasha xarajatlari bisyor. Yosh rejissyor kinoni oxiriga yetkazaman, deb ko‘plab sinovlarni boshidan kechirdi. “Xono‘g‘lon”dek asar yaratishdan qanday maqsad ko‘zlangan?! Bosh qahramon Azizxo‘ja, uloqchi polvon. Uning “Xono‘g‘lon” nomli zotdor to‘pori bor. Inson va otning qadrdon do‘stlarga aylanishgani filmda yaqqol namoyon bo‘ladi. Azizxo‘ja va “Xono‘g‘lon” ko‘pkarilarda ketma-ket zafar quchishi do‘stlarni suyuntirsa, raqiblarni kuydiradi. Ana shunday alamzada tanishlardan biri, azbaroyi ishi yurishmagani vajidan dushmanga aylangan hamqishloq polvon “Xono‘g‘lon”ning bir puldor kimsa tomonidan o‘g‘irlab ketilishini uyushtiradi...
Taqdimot muvaffaqiyatli o‘tdi. Binobarin buni tomoshabinlarning gulduros olqishlari, namoyishdan so‘ng film ijodkorlarining uzoq muddat san’at shaydolari qurshovida qolib ketishganidan bilsa bo‘ladi.

–Yaqinda Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi yig‘ilishidan kelib chiqqan vazifalar asosida Boyovut, Guliston, Oqoltin va Sardoba tumanlari madaniyat bo‘limlariga “Damas” avtomobillari topshirdik, – deydi viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev. – Har oyning bir kuni “Teatr kuni” bo‘lishini yo‘lga qo‘yish borasidagi Prezident tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda bugungi kino taqdimotini o‘sha “Teatr kunlari"dan biriga aylantirganimizdan mamnunman.
Tomoshabinlar orasida teatrga oilaviy tashrif buyurgan ko‘plab mas’ullarga, boshqarma va tashkilotlar boshliqlariga ko‘zimiz tushdi. Bu holat Sirdaryo vohasida kino bahona yangi xayrli an’ana boshlanganligidan darak bermoqda.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri