Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan birgalikda “Ekosertifikatga ega bo‘lish jahon bozoriga yo‘l ochadi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi klasterlar, fermer xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari, shuningdek, mas’ul mutaxassislar ishtirok etishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi ekosertifikatga ega bo‘lishning muhimligi va organik mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonidagi amaliyotlarni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bilim va tajriba almashishdan iborat. Seminar davomida ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishning afzalliklari, organik sertifikatsiyalash tizimlari va jahon bozoriga chiqish uchun zarur bo‘lgan sertifikatlash jarayonlari haqida keng ma’lumot berildi.

Ta’kidlanganidek, organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabning jahon bozorida tobora ortib borishi, fermerlar va tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Ekosertifikat, bu mahsulotlarning ekologik tozaligi va sifatini tasdiqlovchi hujjat bo‘lib, nafaqat mahalliy, balki xalqaro bozorlar uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ekologik qishloq xo‘jaligi sertifikatsiyasi jahon bozorida mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga yordam beradi. Buning natijasida, fermerlar nafaqat ichki bozorda, balki Yevropa, Osiyo va boshqa mintaqalarda ham o‘z mahsulotlarini muvaffaqiyatli sotish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Seminar-treningning yakunida ishtirokchilar sertifikatlash jarayonidagi muhim masalalar bo‘yicha savollar berishdi va o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar. Tadbirning asosiy maqsadi bo‘lgan organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishda sertifikatlashning ahamiyati ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga sertifikat olish uchun zarur bo‘lgan amaliy tavsiyalar va yo‘l-yo‘riqlar berildi. O‘z navbatida GIZ va Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bu kabi seminar-treninglarni kelgusida ham davom ettirishni rejalashtirmoqda. Shu orqali organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni yanada rivojlantirish, shuningdek, mahalliy fermerlar uchun yangi bozorlarni ochish maqsad qilingan.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri