Ekopostlar hududlarda ham tashkil etiladi
Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami yil sayin kengaymoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining tashabbusi bilan tadbirkorlik subyektlari tomonidan daryo oʻzanlarini tozalash, qum-shagʻal konlari va qayta ishlash korxonalarida ekologik nazoratni kuchaytirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.
Bir qator vazirlik va tashkilotlar mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda daryo oʻzanlarini tozalash ishlari, noruda foydali qazilmalar qazib oluvchi hamda uni qayta ishlovchi subyektlarda ekologik talablarga rioya etilishi masalalari hamda bu borada oʻtkazilgan monitoring natijalari tahlil etildi.
Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda bunyodkorlik koʻlami yil sayin kengaymoqda. Yangi uy-joylar, yirik loyihalar amalga oshirilib, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilmoqda. Tabiiyki, bunda katta hajmda qurilish materiallariga, shu jumladan, qum va shagʻal materiallariga boʻlgan ehtiyoj yana-da ortdi.
Oʻz navbatida, bunday ehtiyoj ekologik barqarorlikni taʼminlashga salbiy taʼsir etishi mumkin. Shunga koʻra, yigʻilishda tosh maydalash va saralash korxonalardagi ekologik vaziyat, noruda materiallardan foydalanish ahvoli, aniqlangan qonunbuzilish holatlari, oqova suvlarni tindirish borasidagi ishlar talab darajasidami, qonunosti hujjatlar qay holatda kabi qator savollarga alohida ahamiyat qaratildi. Unda davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-sentyabrdagi qarori bilan tuzilgan idoralararo ishchi guruhini qayta koʻrib chiqish masalasi ham oʻrtaga tashlandi.
Bugungi kunda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining tashabbusi bilan Toshkent shahri Bektemir tumanidagi Rohat qoʻli yaqinida ekopostlar tashkil etilgan. Ushbu ekopostlar daryo oʻzanlariga yaqin joylarda texnikalarning tartibsiz harakati va chiqindilar tashilishini oldini olishda transport vositalarini toʻxtatib koʻzdan kechiradi. Mavjud tartibsizliklarning oldini oladi.
Yigʻilish yakunida ishtirokchilar mazkur ekopostlarni tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyatlar boʻylab ham joriy etish, idoralararo guruhlar faoliyatini jonlantirish, hududlarda ishchi guruhlar faoliyatini qayta tiklashga kelishib oldi.