Ekologlar nazorat reyd tadbirlari o‘tkazmoqda
Navoiy viloyati Ekologiya, atrof muhit muhofazasi, iqlim o‘zgarishi boshqarmasining davlat inspektorlari tomonidan muntazam ravishda nazorat reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘tkazilgan tungi nazorat reyd tadbiri davomida fuqaro S.A tomonidan Navbahor tumani “Yangi kuch” MFYning cho‘l hududidan o‘z boshqaruvida bo‘lgan yuk mashinasiga noqonuniy ravishda qum- shag‘al mahsulotlarini yuklab olib ketayotgani aniqlandi.
Davlat inspektorlari tomonidan fuqaroga noqonuniy harakatlari tushuntirilganda fuqaro xodimlarga bo‘ysunmasdan voqea joyidan ketib qolgan.
Ushbu holat yuzasidan avtomashina qidiruvga berilib, majburiy tartibda jarima maydonchasiga qo‘yildi va haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 70-moddasi 1-qismi bilan 4 million 420 ming so‘m miqdorida jarima hamda 1 million 778 ming so‘m tabiatga yetkazilgan zarar belgilandi.

Shuningdek, nazorat reyd tadbirlari davomida Nurota tumani “Mustaqillik” MFY hududidan fuqaro A.H noqonuniy ravishda qum-shag‘al aralashmasini yuklab olib ketayotgan vaqtida to‘xtatildi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3,4 million so‘m miqdorida jarima belgilandi.
Ekologlar tomonidan o‘tkazilayotgan nazorat reyd tadbirlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri