Ekologiya, Suv va O‘rmon kodekslari ishlab chiqiladi
Bugun O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Abdushukur Hamzayevning Toshkent shahrida saylovchilar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod A.Hamzayev so‘zga chiqib, o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari bilan saylovchilarni tanishtirdi.
Ta’kidlanganidek, saylovoldi dasturida mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan samarali va oqilona foydalanish, “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish orqali aholimizning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish, xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish hamda farovon jamiyatni barpo etish asosiy maqsad etib belgilangan.
Shuningdek, nomzod aholining qulay atrof-muhitga ega bo‘lish huquqini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda quyidagilarga e’tibor qaratishini aytib o‘tdi.
Ekologiya sohasida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish borasida, eng avvalo, xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, mamlakat manfaatlariga mos keluvchi xalqaro huquqiy hujjatlarga, xususan, “Xalqaro savdoda ayrim xavfli kimyoviy moddalar va pestitsidlarga nisbatan oldindan asoslangan kelishuv tartib-taomili to‘g‘risidagi konvensiya”, “Atrof muhitga ta’sirni transchegaraviy nuqtai nazardan baholash to‘g‘risidagi konvensiya”, “Havoni uzoq masofalargacha transchegaraviy ifloslanishi to‘g‘risidagi konvensiya”ga qo‘shilish choralari ko‘riladi.
Davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi” ishlab chiqiladi.
Yana bir muhim masala, ekologiya sohasidagi tarqoq qonunchilik hujjatlarini kodifikatsiya qilish orqali tabiiy resurslardan oqilona foydalanish tartibi va talablari yagona sohaviy kodekslar, jumladan, Ekologiya kodeksi, Suv kodeksi, O‘rmon kodeksida mustahkamlanadi.
Shaharlar Bosh rejalarini tuzishda ularda yashil maydonlar kamida 30 foizni tashkil etishi, yangi turar joylar qurilishida “yashil zonalar” aholining soniga mutanosib ravishda bo‘lishi zarurligi talabi qonunchilikda belgilanadi.
Yashil hududlar, tog‘ yon bag‘irlari, daryo va ko‘llar sohillaridagi har qanday qurilishlar ekologik ekspertiza va jamoatchilik nazoratidan so‘ng amalga oshirilishi ta’minlanadi. Xavfli chiqindilar, tibbiyot va biologik hamda qurilish chiqindilarini boshqarish va qayta ishlashni tartibga soluvchi “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilinadi.
Biologik xilma-xillik va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini kengaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonot dunyosi ob’ektlari muhofazasini kuchaytirish maqsadida tegishli qonunchilik hujjatlari takomillashtiriladi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizdagi dolzarb ekologik muammolarga e’tibor qaratib, nomzodning saylovoldi dasturida bu muammolarga mukammal yechimlar berib o‘tilganini ta’kidladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA