Ekologik siyosat va moliyalashtirish bo‘yicha global ustuvor yo‘nalishlar Samarqandda belgilanadi
Shu yilning 30-may – 6-iyun kunlari Samarqand shahrida ekologiya sohasidagi eng muhim xalqaro tadbirlardan biri – Global ekologik fondning (GEF)ning VIII Assambleyasi bo‘lib o‘tadi.
Assambleya fondning eng yuqori boshqaruv organi bo‘lib, unda har to‘rt yilda ekologik siyosat va moliyalashtirish bo‘yicha global ustuvor yo‘nalishlar belgilanadi.
Forumda 186 davlat vakillari – vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, biznes, ilmiy jamoatchilik, fuqarolik jamiyati, shuningdek, yoshlar va mahalliy xalqlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, GEFning VIII Assambleyasi global ekologik maqsadlarga erishish bo‘yicha tezlashtirilgan yo‘l xaritasini belgilaydi. Assambleya markazida global ekologik maqsadlarga erishishni jadallashtirish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqish masalasi turadi. Boy dastur doirasida iqlim o‘zgarishi va uning oqibatlariga bardoshlilikni oshirish, bioxilma-xillikni saqlash, yer degradatsiyasi va cho‘llanishga qarshi kurash, suv resurslarini boshqarish hamda atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish kabi masalalar muhokama qilinadi. Shuningdek, 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan GEFning yangi moliyaviy dasturiga (GEF-9) alohida e’tibor qaratilib, mazkur dastur tabiat, iqlim va ifloslanishga qarshi kurash masalalarini birlashtiruvchi kompleks yondashuvga asoslanadi.
Assambleya dasturi turli formatdagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi, yuqori darajadagi plenar yig‘ilishlar o‘tkazilib, ularda asosiy qarorlar qabul qilinadi. Vazirlar darajasidagi va mavzuli davra suhbatlari, fuqarolik jamiyati forumlari, parallel tadbirlar hamda loyihalar taqdimotlari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, GEF Kengashi yig‘ilishlari o‘tkazilib, loyihalar va moliyaviy tashabbuslar ko‘rib chiqiladi. GEF faoliyatining strategik yo‘nalishlari tasdiqlanadi, moliyaviy resurslarni taqsimlash bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi, ekologik loyihalar taqdim etiladi, yangi xalqaro hamkorliklar shakllanadi.
Assambleya natijasida “Yashil” loyihalarga grantlar va investitsiyalar jalb qilinadi, xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlik kengaytiriladi, iqlim o‘zgarishiga moslashish loyihalari rag‘batlantiriladi. Qolaversa, Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash dasturlari ilgari suriladi, bioxilma-xillikni asrash loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi hamda qayta tiklanuvchi energiya va barqaror qishloq xo‘jaligi rivojlantiriladi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri