Ekologik xavfsizlik borasidagi madaniyatni shakllantirish, bu yo‘nalishdagi ta’lim masalalari pedagog olimlar diqqatini doim o‘ziga tortib kelgan.
Mazkur muammo bo‘yicha dunyo olimlari, yurtimiz mutaxassislari tomonidan bir qator tadqiqot ishlari olib borilgan. Ammo mamlakatimizda hali ekologik ta’lim-tarbiya masalalari dolzarbligicha qolmoqda.
Ekologik savodxonlik va madaniyat, avvalo, oiladan boshlanadi. Ekologik duyonqarashni shakllantirishning negizi oiladagi tarbiyaga bevosita bog‘liqdir. Agar bu masala oilada to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan bo‘lsa, uni maktablarda, keyingi ta’lim bosqichlarida hamda mehnat jarayonlarida qaror toptirish qiyin bo‘ladi. Ajdodlarimiz avvallardan bola tarbiyasiga katta ahamiyat berishgan. Bolani yoshligidan boshlab oilada mehnatga ongli munosabatni uyg‘otish, tabiatga, atrof muhitga hurmat, obodonlashtirish hissini shakllantirish darkordir.
Oila davrasida farzandlarga «Suvga tuflama, uni iflos qilma», «Daraxtning shoxini sindirma», «Pishmagan mevani uzma, unda boshqa insonlarning ham nasibasi bor», deb tarbiya berilgan.
Ba’zilar mollarini ekinzorlarda, bog‘larda hatto mevali va manzarali daraxtlarga bog‘lab boqishadi. Yoki oilaviy dam olishga chiqishganda o‘t- o‘lanlarni payhon qiladi, qir-adirlarda shisha siniqlari, ovqat qoldiqlarini tashlab ketadi. Axir bobolarimiz tabiatga zarar keltirilmaganku.
Tarbiyachi o‘zini shunday tutishi lozimki, uning har bir harakati shaxsni fikrlashga undasin.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda muloqot qobiliyatlari va birgalikdagi faoliyat, mustaqil harakat qilish qobiliyati, boshqalar bilan birgalikda intizom va maqsad, umumiy natijaga erishish istagi paydo bo‘ladi. Bu qisqa tarixiy davrda sezilarli natijalarga erishish imkonini beradigan «guruh ongi»ni shakllantirishning dastlabki bosqichidir. Shuning uchun ham aynan ekologik ta’lim-tarbiyani bog‘cha yoshidanoq shakllantirish maqsadga muvofiqdir. Ammo kuzatuvlarimiz natijasida amin bo‘ldikki, hali bu borada ko‘zga ko‘rinarli ishlar amalga oshirilgani yo‘q. Maktab darsliklarida bir-ikki soat ekologik bilim olish uchun ajratilgan soatlar esa yetarli deb o‘ylamaymiz. Fikrimizcha bog‘cha uchun alohida ekologik ta’lim-tarbiya beruvchi dasturlar, maktablar uchun alohida ekologiya fani asosidagi dars soatlari ajratilishi kerak. Chunki bugungi ekologik vaziyatning o‘zi shuni taqozo etib turibdi.
Ekologik muammolarning yechimi albatta ilm orqali topilishini barchamiz yaxshi anglaymiz. Ammo ayni hozirgi davrda ekologiya sohasida kadrlar tayyorlayotgan OTMlarda ilmiy salohiyat yetarli emas, ilmiy tadqiqot ishlari kam. So‘nggi 5 yilda bor yo‘g‘i 4 ta fan doktori ekologik mavzuda doktorlik, 32 ta fan nomzodi darajasidagi ishlar himoya qilingan. Himoya qilingan ishlarning ham hammasi o‘tkir ekologik masalalarga bag‘ishlanmagan. Ilg‘orlarini esa hayotga tatbiq etish darajasi past.
Shu o‘rinda bu borada xorij tajribasiga e’tibor qaratamiz. Kunchiqar mamlakat Yaponiya mamlakati aholisi o‘zi yashab turgan xonadondan tortib, yurtining chekka bir hududlarigacha – barcha joyda tozalikni bir xil qo‘llab-quvvatlaydi va shunga rioya qiladi.
– Boshlang‘ichdan o‘rta maktabgacha bo‘lgan 12 yillik maktabda tozalash ishlari kundalik dars jadvalining bir qismidir, – deydi Xirosima hukumatining Tokiodagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Mayko Avane. – Bu shuni anglatadiki, bu yerda hattoki maktablarda ham farroshlar yo‘q. Hojatxona, sinfxona, oshxona – barchasini o‘quvchilarning o‘zi tozalashadi.
Dunyo mamlakatlari orasida yapon millati eng uzoq umr ko‘radi, bunga sabab, Yaponiya xalqi ekologik qonunlar va tartiblarga rioya qiluvchi hisoblanadi. Yapon millatida ekologik ong, ekologik madaniyat va tushuncha yuqori. Ular o‘zlari yashab turgan tabiatni juda avaylaydi.
Yaponiyalik ota-onalar esa bolaga xonasi va narsalarining toza va ozoda bo‘lmasligi juda yomon ekanligini o‘rgatishadi. Ijtimoiy o‘ziga xoslikning ushbu qismini o‘quv dasturiga kiritish bolalarda atrofdagi hamma narsa uchun mas’uliyatni rivojlantirishga yordam beradi. O‘zi har kuni tozalaydigan maktabni kim ham ifloslantirishi mumkin?!
Bundan tashqari, yaponlar tabiatni sevadilar va uning go‘zalligini chin qalbdan his qila oladilar. Yaponiya aholisining tabiat bilan to‘liq uyg‘unlikda yashash istagi juda ham kuchli. Ularga tabiat go‘zalligiga mehr-muhabbat, undan bahramand bo‘lishga moyillik, chiziqlar, shakllar, kompozitsiyalar nafisligini nozik his qilish ona suti bilan kiradi, desak xato bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, nafaqat bizning o‘lka, balki butun yer sayyorasi uchun bugun ekologik bilim va madaniyatga ega bo‘lish zamon talabi.
Abdushukur Hamzayev,
O‘zbekiston Ekologik partiyasi
Markaziy Kengashi raisi.