Bugun butun dunyoda ekologik muammolar avj olib, insoniyat hayotiga, salomatligiga katta zarar yetkazmoqda. Dunyo davlatlari ekologik muammolarni bartaraf etish borasida qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologiya sohasidagi qator muammolarning oldini olish, ularning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Shu yil 2 fevral kuni Prezidentimiz rahbarligida chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, hududlardagi ekologik holatni yaxshilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi.
Unda aholining ekologik madaniyatini oshirish eng muhim masala ekanligi ta’kidlanib, bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkinligi bildirilgan edi. Darhaqiqat, ekologiya va atrof-muhit bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni bartaraf etish va oldini olishda ekologik madaniyatni shakllantirish eng birinchi galdagi vazifadir.
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamkorligida o‘tkazilgan “Ekologik madaniyatni shakllantirish: institutsional asoslar va tashkiliy masalalar” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasida shular xususida so‘z bordi.

Ekologiya sohasini huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq mavjud muammolarni tahlil qilish, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishda samarali usul, vositalarni aniqlash, muhokama qilish va amaliy tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan konferensiyada aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, tabiat ne’matlarini kelgusi avlodlar uchun asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar muhokama qilindi.
— Tabiat boyliklaridan unumli foydalanish, ularni muhofaza qilish — bugungi avlod vakillarining muhim vazifasidir, — dedi deputat Islom Xushvaqtov. — Buning uchun, avvalo, ekologik madaniyat tushunchasini teran anglash, oila, maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab bolalarda tabiatga mehr-muhabbat ruhini shakllantirish, ekologiyaga oid bilimlarni ongiga singdirish lozim. Mutaxassislarning aytishicha, ekologik ta’lim-tarbiya tabiat va jamiyat o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, tabiiy barqarorlikni saqlashda muhim ahamiyatga ega. Ekologik ta’lim-tarbiya yoshlarni tabiatdan ongli ravishda foydalanishga, tejamkorlikka o‘rgatadi, qalbida tabiatga mehr-muhabbat uyg‘otadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimizda ekologik madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar to‘laqonli tartibga solinmagan. Bu borada oldimizda muhim vazifalar turibdi. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tomonidan soha mutaxassislari bilan birgalikda “Ekologik madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilayapti. Mazkur qonun loyihasi sohadagi masalalarni hal etishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Konferensiyada oilada, ta’lim muassasalarida ekologik madaniyatni shakllantirishning huquqiy asoslari, soha mutaxassislarini kasbiy tayyorlash, aholini ekologik tarbiyalashda davlat, jamoat, yoshlar tashkilotlari va OAVning o‘zaro hamkorligi va roli bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Konferensiya ishtirokchilari mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar. Xususan, o‘quv muassasalarida ekologik to‘garaklarni tashkil qilish, muntazam ravishda ekofestivallar, tanlovlar o‘tkazib turish, o‘quv-metodik qo‘llanmalar, darsliklar, ko‘rgazmali materiallarni nashr etish o‘z samarasini berishi ta’kidlandi.
Tadbirda yangi ishlab chiqilayotgan “Ekologik madaniyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan ham bir qator takliflar bildirildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA