Bugungi kunda iqlim o‘zgarishi, atrof-muhitning ifloslanishi, suv resurslarining kamayib borayotgani kabi o‘tkir ekologik muammolar insoniyatni tashvishga solmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish, yumshatish, nisbatan bo‘lsa-da, salbiy ta’sirini kamaytirish borasida keng jamoatchilik va soha mutaxassislari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, ekolog mutaxassislar ekologik muammolarni ilmiy jihatdan o‘rganib, qator taklif va tashabbuslarni ilgari surayotgani e’tiborga molik.
Xalqaro ekologiya fanlari va hayot xavfsizligi Akademiyasining akademigi, “Turon” Fanlar akademiyasi a’zosi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, professor Boriy Alixonovning ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha ilmiy ishlanmalar va maqolalar, publitsistik materiallar jamlangan to‘plami chop etildi.
To‘plamdan Boriy Alixonovning jahon hamjamiyatiga taqdim etilgan bir nechta yuzlab nutqlari va ilmiy maqolalari o‘rin olgan. Ularda ekologiya sohasidagi dolzarb mavzular yoritilgan. Xususan, atrof-muhitning ifloslanishi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, o‘rmonlarning kesilishi, atmosferaga zararli moddalarning chiqarilishi va boshqa ekologik muammolarga e’tibor qaratilgan.
Boriy Alixonov o‘z maqolalarida ekologik muammolarning oldini olish va ularni global miqyosda hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar dolzarbligini ta’kidlaydi. To‘plamda muallifning ushbu mavzudagi eng dolzarb fikrlari, yechimlari va takliflari ham o‘rin olgan.
Mazkur to‘plam Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish xalqaro universiteti huzuridagi Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy kengashi yig‘ilishining 2023 yil 28 dekabrdagi 5-sonli bayonnoma qaroriga binoan nashrga tavsiya etilgan.
M.Komilova,
O‘zA