Har bir inson o‘z hayotida har kuni ekologik muammolarni his qilmoqda. Bundan keyin nima bo‘ladi, bizdan keyingi avlodga qanday tabiat qoladi degan savollar har bir ongli insonni tashvishga solmay qo‘ymasa kerak.
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (Green University)da Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan “Davlat ekologik ekspertizasi faoliyatidagi islohotlar: muammo va yechimlar” mavzusida o‘quv-seminari tashkil etildi.
Tadbirda iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolarning tahdidi hamda tabiatning ifloslanishiga sabab bo‘layotgan omillar ham muhokama qilindi.
Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimizda metallurgiya, energetika korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish, neft-gaz va konchilik sanoati korxonalari hamda avtotransport atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manba bo‘lib qolmoqda. Ekologik ekspertiza faoliyati atrof-muhit muhofazasining eng muhim tadbiri hisoblanadi. Chunki faoliyat samaradorligi ob’ektlarga berilayotgan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarining sifati, shaffofligi va natijadorligiga uzviy bog‘liq.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, 2000 yilda “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin unda asosiy tushunchalarga ta’rif berilmagan. Xalqaro talablar, ekologik ekspertiza jarayonlarida ishtirok etuvchilarning huquq va majburiyatlari ham keltirilmagan.
Bu esa soha samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Globalizatsiya jarayonlari va ekologik muammolarga javob berish uchun, qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqildi va “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi. Qonunni ishlab chiqishda MDH va boshqa qator davlatlar tajribasidan foydalanilgan.
Sohada bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilgan. Xususan, tadbirkorlik va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun ekologik ekspertiza xulosasini olish jarayonini yaxshiroq nazorat qilish va har qanday o‘zgarishlar yoki muammolarga tezkor javob berish imkoniyatlari taqdim etilgan.
Shu o‘rinda qayd etish lozimki, ekologik ekspertiza – rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyatning ekologik talablarga muvofiqligini belgilash va ob’ektni ro‘yobga chiqarish mumkinligini aniqlash.
Seminar davomida soha mutasaddilari tomonidan “Ekologik ekspertiza, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholash to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati yuzasidan tushunchalar berildi.
Yangi qonunda ekologik ekspertizaning, atrof-muhitga ta’sirni baholash va strategik ekologik baholashning tushunchalari, maqsadlari, asosiy prinsiplari, maxsus vakolatli davlat organi hamda uning vakolatlari, ekologik ekspertizaning turlari, ob’ektlari, sub’ektlari, ekologik normativlar loyihalarini ishlab chiqish va rasmiylashtirish masalalari aks etgani aytib o‘tildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA